Qirg‘iziston hukumati xorijliklarning “visa run” formatida soddalashtirilgan kirishini bekor qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Visa run” chet elliklarning muayyan bir davlat chegarasidan tashqariga chiqib, yana unga qaytib kirganlarida mamlakatda qonuniy qolish muddatini uzaytirish usuli hisoblanadi.
10-oktabr kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan chet el fuqarolarining mamlakatda bo‘lish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat bilan, “visa run"ni bekor qilish nazarda tutilgan.
Chegarani kesib o‘tishda vizasiz qolish muddatini qayta o‘rnatish amaliyotini to‘xtatish maqsadida “60/120” formatida vizasiz rejim joriy etilmoqda.
“Ushbu mexanizmga ko‘ra, 60 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz rejimdan foydalanilganda, mamlakatdan oldingi chiqib ketganidan 60 kun o‘tgachgina qayta kirish mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, 90 kungacha vizasiz rejim o‘rnatilgan xorijliklar uchun shartlar “90/180” tamoyili bo‘yicha hisoblanadi, ya’ni ular 90 kundan keyin qayta kirishlari mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning yanvar oyida Qozog‘iston xorijliklarning mamlakatga kirish va qolish qoidalarini o‘zgartirgandi. Bunda, chet elliklar mamlakatni tark etib, yana qaytib kirish orqali Qozog‘istonda qonuniy qolish muddatini uzaytira olmaydi.
1-sentabrdan Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratildi. Bunda ikki mamlakat fuqarolarida boshqa sayohat hujjatlari bilan bir qatorda ID-karta orqali ham ikki mamlakat chegarasini bemalol kesib o‘tishi, kirishi, chiqishi, bo‘lib turishi mumkin.
Shu bilan birga sentabr oyi boshida O‘zbekistondagi 4ta postda ID-karta bilan Qirg‘izistonga o‘tish tartibi yo‘lga qo‘yildi.