O‘zbekistonda Luxury Train Cruising sayyohlik poyezdi ishga tushiriladi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbout xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida “O‘TY” va Italiyaning “Arsenale Group” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Hujjat birinchi loyiha bo‘yicha o‘zaro tushunish va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni o‘z ichiga oladi. U bilan 2026-yilning oxiridan boshlab O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab harakatlanadigan “hashamatli” poyezd qatnovi ishlab chiqiladi va quriladi.
“Turizmning kelajagi sifatida temir yo‘l kruizlarini ishga tushirish konsepsiyasi bizning innovatsiyalar va barqarorlikka intilishimizga juda mos keladi”, — dedi “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, memorandumni imzolash loyihani amalga oshirishning birinchi qadami bo‘lib, “Arsenal Group” kompaniyasi bilan hamkorlikni hamda sayyohlar uchun qiymat taklifi chegarasini kengaytirish imkoniyati yaratiladi.
“Luxury Train Cruising” sayyohlik poyezdi ishga tushishi O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda. Loyiha doirasida Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarga tashrif amalga oshirish imkoni yaratiladi.
“Temir yo‘l kruizlari — bu turizmning kelajagi, sayohat qilishning yangi va barqaror usuli. “Arsenale"ning vazifasi — tajribani dunyoning eng hayajonli burchaklarida amalga oshirish. Ushbu hamkorlikning imzolanishi bilan sayohatchilar mamlakatning tarixiy va madaniy boyliklarini kashf etishlari uchun tinimsiz ishlashga tayyormiz”, — dedi “Arsenal Group” kompaniyasi bosh direktori Paolo Barletta.
Qayd etilishicha, poezd yo‘lovchilarga sayohat paytida maksimal qulaylikni ta’minlash uchun barcha yangi qulayliklar bilan jihozlanishi kutilmoqda.
Joriy yilning iyul oyi oxirida Italiya kompaniyasi bilan temir yo‘l sohasini rivojlantirish bo‘yicha muhokamalar olib borilgandi. Yevropadan Kavkaz orqali, Rossiya orqali, O‘zbekiston orqali Xitoyga tezyurar sayyohlik poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ta’kidlangandi.
“Arsenale Group” — muhandislik, qurilish, transport va turizm kabi turli biznes sohalariga ixtisoslashgan italyan kompaniyasi. U o‘zining innovatsion yechimlari, yuqori sifatli mahsulotlari va keng ko‘lamli xizmatlari bilan mashhur.