Adliya vazirligi budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadigan, hududlar darajasida ambulator va statsionar sharoitda ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ro‘yxatda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar)lar markaziy shifoxonalarida (jumladan, tug‘uruq majmualari) (tibbiyot muassasalari) ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari belgilandi.
“Mazkur hujjatning qabul qilinishi fuqarolar ro‘yxatda nazarda tutilgan tibbiy yordamlarni davlat hisobidan olishga, bu esa konstitutsiyasida belgilangan shaxslarning ijtimoiy huquqidan amalda foydalanishga olib keladi”, deyiladi xabarda.
Ro‘yxatda quyidagilar nazarda tutilgan:
- ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari (masalan, “Haj” va “Umra” tadbirlariga boradigan shaxslarni ruhiy-asab, narkologiya, teri-tanosil, sil kasalliklari va boshqa kasalliklarni aniqlashda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, hayotga xavf soladigan holatlarda (asfiksiya, yurak to‘xtashi, anafilaktik shok va boshqalar) tibbiy yordam ko‘rsatish, profilaktik ko‘riklar va skrining tekshiruvlari);
- ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlariga kiritilgan tashxislar (masalan, yurakning gipertenziv kasalligi, yurak surunkali ishemik kasalligi, oshqozon yara kasalligi, o‘n ikki barmoqli ichak yara kasalligi, jigar sirrozi);
- dori vositalari va tibbiy buyumlar (masalan, analeptiklar, balg‘am ko‘chiruvchi vositalar, antidepressantlar, tibbiy bintlar, tibbiyot pipetkalari, qo‘lqoplar).
Ma’lumot uchun, Konstitutsiyaning 48-moddasida har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi va O‘zbekiston fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi belgilangan.
Avvalroq mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish muddati uzaytirilgandi.
Kelasi yildan mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini 10 yilgacha muddatga sotib olish mumkin bo‘ladi. Oldin bu bu muddat 3 yilni tashkil etgandi.