Hukumat qarori bilan Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish va ijaraga berish bo‘yicha savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklari “E-auksion shop” elektron savdo do‘konida quyidagi usullarda sotiladi:
- narxni oshirib borish tamoyili asosida;
- e’lon qilingan narxda sotish orqali.
Savdoda ishtirok etish uchun platformada ro‘yxatdan o‘tish zarur. Savdoga qo‘yilgan buyurtmani ishtirokchi tomonidan narx tasdiqlangungacha platformadan ikki martagacha bepul qaytarib olish mumkin.
Savdoga qo‘yilgan buyurtmani qaytarib olishga quyidagi miqdorlarda to‘lov undiriladi:
- 3-martadan boshlab BHMning 1 baravari (330 ming so‘m);
- 5-martadan BHMning 3 baravari (990 ming so‘m);
- 7-martadan BHMning 10 baravari (3,3 mln so‘m).
Narxni oshirib borish usuli orqali savdolar kamida 2ta ishtirokchi bo‘lganda o‘tkaziladi. Boshlang‘ich narx buyurtmachining buyurtmasiga asosan belgilanadi.
Savdo birinchi to‘rtta qadamda — boshlang‘ich narxning 5%i miqdorida, beshinchi va undan keyingi qadamlarda esa boshlang‘ich narxning 3%i miqdorida belgilanadi.
Mulkka berilgan har bir taklif savdoni o‘tkazish vaqtini 10 daqiqadan uzaytirib boradi. Agar oxirgi tasdiqlangan taklifdan so‘ng 10 daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi bo‘yicha taklif ishtirokchilarning birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, savdolar yakunlanadi. Oxirgi taklifni tasdiqlagan ishtirokchi savdo g‘olibi deb topiladi.
Shuningdek, mulk uchun to‘lov bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali amalga oshiriladi. Bo‘lib-bo‘lib to‘lash buyurtmachi va savdo g‘olibi o‘rtasida o‘zaro kelishuv bo‘yicha belgilanadi.
Savdo g‘olibidan bir qadam past narx taklifini tasdiqlagan ishtirokchi salohiyatli g‘olib deb e’tirof etiladi.
Savdolar quyidagi hollarda o‘tkazilmagan deb topiladi:
- savdolarda qatnashish uchun bironta ham talabgordan ariza kelib tushmagan bo‘lsa;
- savdolar kuni ishtirokchilar tomonidan bironta ham taklif tasdiqlanmasa;
- to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagan bo‘lsa.
E’lon qilingan narx bo‘yicha sotishda e’lon buyurtmachining ixtiyoriga ko‘ra belgilangan muddat yoki sotilgungacha elektron do‘konga joylashtiriladi.
Joriy yilning iyun oyida davlat daromadiga olingan mol-mulklarni “E-auksion shop” orqali sotish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi. Unda mazkur do‘kon “E-auksion” elektron savdo platformasida joriy etilishi belgilangandi.
Oktabr oyi boshida hukumatning tegishli qarori bilan mol-mulklarni soddalashtirilgan auksion tamoyillari asosida “E-auksion shop” savdo do‘koni orqali sotish tartibi belgilandi.