Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi takomillashtirilganligi sabab, O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bilan davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlari tomonidan aholi va tadbirkorlardan 15ta faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda.
Mazkur hujjatlar qatoriga diplom, litsenziya, ruxsatnoma, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat kabilar kiradi.
Shundan kelib chiqib, 13ta qonunga faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilmaslik bo‘yicha tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdorini BHMning ikki baravaridan bir baravariga kamaytirish bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi davlat xizmatlari sifatli ko‘rsatilishini ta’minlashga, turli toifadagi davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirishga, idoralarda fuqarolar haqidagi ma’lumotlar yagona identifikatorlar asosida saqlanishi uchun huquqiy asoslar yaratishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Bundan tashqari, majlisda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va uning devoniga huquqiy maqom berishga qaratilgan — “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida"gi qonunning 22-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi loyiha ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining davlat organi sifatidagi maqomi aniqlashtirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi vakil hamda uning devonining huquqiy maqomini qonun darajasida mustahkamlashga hamda davlat organlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Avvalroq Senatda maxsus iqtisodiy zonalar uchun tabaqalashtirilgan imtiyoz qo‘llash bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotgani xabar berilgandi.