9−15 oktabr kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 2,16 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, o‘tgan hafta mobaynida birja savdolarida 58 660 tonna bug‘doy sotilib, o‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 61ta xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 11 732 tonnani tashkil qildi.
Bug‘doyning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 2 856,1 ming so‘mdan 2 751,7 ming so‘mgacha pasaydi.
Birja savdolarida 1 553 tonna paxta yog‘i sotildi. O‘rtacha xaridorlar soni 17tani tashkil etdi. Barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 442,8 ming so‘mdan 13 118,3 ming so‘mgacha pasaydi.
Shuningdek, savdolarga 14 238 tonna shrot qo‘yildi va uning 5 056 tonnasi, ya’ni 35,5% qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 19ta xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shrot bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 178,5 ming so‘mdan 3 615,9 ming so‘mgacha pasaydi. Shrotning o‘rtacha kunlik sotuv hajmi 1 011 tonnani tashkil etdi.
Sentabr oyida mamlakatda un narxining oshishi kuzatildi. Buning sabablaridan biri, Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelayotgan mahsulot aylanmasi xorijiy valyutada amalga oshirilishi bo‘ldi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston tomoni un tegirmonlarida mavsumiy texnik ko‘rik va sanitar tozalash ishlariga korxonalarini 15 kunga profilaktikaga yopishi haqidagi e’lon ham mazkur segmentda narx beqarorligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘ldi.
Joriy yilning 15-sentabr holatiga birja savdolarida 1-navli un mahsuloti narxi 4 230,3 ming so‘mga yetgan bo‘lsa, oy boshida, 4-sentabr holatiga mahsulot narxi 3 760,9 so‘mni tashkil etgan. Natijada, 10 kunda unning birjadagi narxi 469,4 so‘mga oshgan.
Shu bilan birga, oy boshida kunlik savdo hajmi o‘rtacha 2344,5 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, oy o‘rtasiga kelib bu ko‘rsatkich o‘rtacha hajmda 6 725,6 tonnaga yetgan.