OKMK Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
17-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga amaliy tashrifi davomida “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va “Amer International” kompaniyasi o‘rtasida kelishuv imzolandi.
Unga ko‘ra, tomonlar mis sanoati klasterini rivojlantirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Veninni qabul qilgandi.
Unda misni chuqur qayta ishlash va undan yuqori qo‘shilgan qiymatli innovatsion va xaridorgir mahsulotlar, xususan, elektrotexnika, elektromobillar uchun akkumulator batareyalari, mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish loyihalari muhokama qilindi.
Shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistonda mintaqaviy ofisini ochish hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishildi.
“Amer International” kompaniyasi Xitoyning top-5 eng yirik xususiy kompaniyalari ro‘yxatiga kiradi. Ushbu kompaniya yiliga 250 ming tonna mis katankasi, kabellar, har xil turdagi rangli va qimmatbaho metallar, shuningdek, yarimo‘tkazgichlar va kompozit materiallar ishlab chiqaradi.
Kompaniyaning yillik sof daromadi $2 mlrdni tashkil etib, unda 20 mingdan ortiq xodimlar mehnat qilishadi.