Vengriya kompaniyasi O‘zbekistondagi startap loyihalarni tijoratlashtirishga yordam beradi. Bu haqda Innovatsiyalar Milliy ofisi xabar berdi.

Bu bo‘yicha Milliy ofis bosh direktori o‘rinbosari Bunyod Rahmatullayev “Archenerg Cluster” kompaniyasi vitse prezidenti Tony Kez bilan muhokama olib bordi.

Tomonlar O‘zbekistonda yashil energiya manbalari bo‘yicha innovatsion yechimlar hamda muqobil energetikani rivojlantirishga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni transfer qilish, YeI hamda Kanada kabi mamlakatlar loyihalarida qatnashish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi yirik startap loyihalarni tijoratlashtirish, ularga xorijiy investorlar, venchur fondlarini jalb qilish hamda grantlar ajratishga kelishildi.

Uchrashuvda yashil innovatsion mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha loyihalarni hamda kadrlar dasturini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Mazkur dastur doirasida Innovatsiyalar milliy ofisi mutaxassislariga kompaniyaning xorijiy ekspertlari tomonidan amaliy darslar olib boriladi.

“Archenerg Cluster” loyihasi jahon bozoriga yashil innovatsion texnologiyalarni ilgari surish, joriy qilish hamda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan. Bundan tashqari, tarmoqlar orqali kompaniyalarga YeI bozoriga kirishga yordam berishdan iborat.


Avvalroq O‘zbekistonda Xitoy industrial-sanoat xoldingining mintaqaviy ofisi ochilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Prezident kompaniya raisi bilan elektrotexnika, elektromobillar uchun akkumulator batareyalari, mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni muhokama qildi.