Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni Xitoyga tashrifining ikkinchi kunida “China Energy Engineering Corporation” raisi Sun Xaylyan bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston energetikasini texnologik modernizatsiya qilishda, kompaniya faol ishtirok etayotgani qayd etildi.
Kompaniya aktivlari qiymati $150 mlrddan ortiq bo‘lib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida energetika, infratuzilma va sanoat obyektlarini loyihalashtirish va qurish borasidagi investitsiyalarni amalga oshirib kelmoqda.
Joriy yilning sentabr oyida Samarqandda kompaniya bilan hamkorlikdaa sement ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirilgandi. Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida quyosh va shamol elektr stansiyalari, Sirdaryoda IESlarni qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv doirasida Sun Xaylyan Navoiyda gibrid elektr stansiyasining barpo etilishida ishtirok etish niyatida ekanini bildirdi.
Shuningdek, prezident Xitoyning “State Grid” kompaniyasi raisi Sin Baoan bilan uchrashib, loyihalarni amalga oshirish, yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini qurish va infratuzilma obyektlarini modernizatsiya qilish, bunda injiniring yechimlari va texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Aktivlari qiymati $800 mlrd atrofida bo‘lgan mazkur kompaniya “Fortune 500” global reytinggidagi yuqori kompaniya hisoblanadi.
O‘zbekiston energetika tarmog‘ida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi hamda qo‘shma loyihalarni tezlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishildi.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Veninni qabul qilgandi. OKMK mazkur kompaniya bilan kelishuv imzoladi.