Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni Pekinda “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumining ochilish marosimida hamda “Inson va tabiat uyg‘unligi yo‘lida „Yashil ipak yo‘lini“ birgalikda barpo etish” mavzusidagi yalpi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Mintaqadagi anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan murakkab ekologik vaziyatga to‘xtalib, davlat rahbari Markaziy Osiyo jahondagi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekanini qayd etdi.

Markaziy Osiyoda “yashil” taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yo‘lida fikr almashish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun O‘zbekiston rahbari 2024-yilda Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

“Umid qilamizki, ushbu forum barqaror rivojlanish yo‘lidagi global xavf-xatarlarga javob topish uchun “Kelajak uchun — Samarqand muloqoti"ni tashkil etishda amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi prezident.

“Markaziy Osiyoning „yashil“ kun tartibi” va “Yashil ipak yo‘li” konseptual tashabbuslarini o‘zaro bog‘lash doirasida quyidagilarni o‘z ichiga olgan “Yashil” taraqqiyot dasturini ishlab chiqish taklif etildi:

  • iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish;
  • transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish;
  • “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish;
  • kambag‘allikni qisqartirish va “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish.

“Yashil ipak yo‘li"ni barpo etish yo‘lidagi yana bir muhim vazifa — “yashil” ishlab chiqarish zanjirlari va innovatsiyalarni rivojlantirish.

Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda va boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda, “yashil texnologiyalar"ni keng joriy qilish asosida sanoat sohasida va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dasturlarni amalga oshirish uchun Orolbo‘yi mintaqasida Maxsus namunali texnologik parkni tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

Davlat rahbari kam uglerodli iqtisodiyot va “toza” texnologiyalarni rivojlantirish hamda mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekistonda “Yashil moliyalashtirish” jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi “yashil” mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosidagi cheklov va to‘siqlarni kamaytirishga chaqirdi.

“Yashil” energetikaga o‘tish bo‘yicha muloqotni faollashtirish va “Makon va yo‘l” tashabbusiga qo‘shilgan mamlakatlar vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish taklifi bildirildi. Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlarni transfer qilish bo‘yicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.

“Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasi uchun malakali kadrlar tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, davlat rahbari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida xorijiy oliygohlar va ta’lim markazlari bilan hamkorlikda “Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va akademik almashuvni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Bundan tashqari, prezident tabiiy resurslar va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish masalasiga to‘xtaldi.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida taniqli jamoat arboblari, fan, biznes va madaniyat namoyandalari ishtirokida etno-ekologik festivallar, forumlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi “yashil” madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha Global dasturni ishga tushirishni taklif qildi.