“Huawei” kompaniyasi O‘zbekistonda ma’lumotlar markaziga asoslangan bulutli xizmatlarga xorijiy investorlarni jalb qilishga yordam bermoqchi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Sherzod Shermatov “Huawei Technologies” kompaniyasi katta vitse-prezidenti Van Szyanfen va “Huawei"ning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Vang Shunli bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Unda tarmoqqa kirish imkoniyatlarini kengaytirish va O‘zbekistonda mavjud ma’lumotlar markaziga asoslangan bulutli xizmatlarga xorijiy investorlarni jalb etish, mamlakatda kadrlarni tayyorlash va raqamli ekotizim masalalari muhokama qilindi.

Suhbat davomida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida quyidagilarga kelishildi:

  • ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va bulutli texnologiyalar yo‘nalishida yangi yechimlar va xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish;
  • mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish;
  • shaharlarni raqamli transformatsiya qilish;
  • sun’iy intellekt texnologiyalarini tadqiq qilish;
  • AKT sohasidagi rahbar va mutaxassislarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish;
  • IT-sohasida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash.

Vazirlik bilan Xitoy kompaniyasi o‘rtasida “aqlli” shaharlarni barpo etish, sun’iy intellektni turli sohalarda tadbiq etish, raqamli transformatsiya bo‘yicha rahbar va mutaxassislar malakasini oshirish, IT-ta'lim sohasida loyiha va dasturlarni joriy etish, yoshlar orasida ITni ommalashtirish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “Huawei Tech Investment Tashkent” o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi. Kelishuv quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • O‘zbekistonda AKT sohasida hamkorlik qilish;
  • IT-mutaxassislarning ilmiy-texnik salohiyatini oshirish;
  • bulutli texnologiya xizmatlari yo‘nalishida yechimlar va xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish.

Bundan tashqari, “Universal Mobile System” hamda “Huawei Technologies” kompaniyasi o‘rtasida mobil aloqa tarmog‘ini kengaytirish va modernizatsiya qilishga oid shartnoma imzolandi.

Joriiy yilning iyun oyida “Yashil Energiya” kompaniyasi invertorlar xarid qilishda “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.


Avvalroq Xitoy bilan Sirdaryoda qiymati $50 mlnlik biotexnologik mahsulotlar texnoparki tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.