“O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi Xitoyning “China Southern Power Grid International” kompaniyasi bilan kelishuvga erishdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoyda o‘tkazilayotgan “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi doirasida “O‘zbekgidroenergo” hamda Xitoy kompaniyasi o‘rtasida JDA kelishuvi (joint development agreement — birgalikda rivojlantirish shartnomasi) imzolandi.

Kelishuv Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida quvvati 600 MVtga teng “Yuqori Pskem” GTES (Gidro to‘plash elektr stansiyasi) istiqbolli loyihasini amalga oshirishni o‘z ichiga oladi. Loyihaning umumiy qiymati $1 mlrdni tashkil etishi ta’kidlanmoqda.

Joriy yilning iyul oyida mazkur kompaniya bilan umumiy quvvati 820 MVt bo‘lgan 3ta GTESni qurish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangandi. Bular:

  • “Yuqori Pskem” GTES (200 MVt);
  • “Qarateren” GTES (500 MVt);
  • “Yuqori Pskem” GES (120 MVt).

Loyiha qiymati $1,6 mlrdni tashkil etib, 2030-yilga qadar to‘liq quvvatda ishga tushirilishi belgilangan.

Mazkur gidro to‘plash elektr stansiyalari ishga tushirilishi natijasida yiliga o‘rtacha 3 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 835,6 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi.


Avvalroq OKMK Xitoyning “Amer International” kompaniyasi bilan kelishuv imzolagandi. Tomonlar mis sanoati klasterini rivojlantirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.