O‘zbekiston “Mastercard Tourism Innovation Hub"ga qo‘shildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbout xizmati xabar berdi.

Samarqandda o‘tkazilayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Mastercard” global to‘lov tizimi rahbariyati uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish strategik hamkorligini e’lon qildi. Xususan, vazirlikning “Mastercard” turizm innovatsion markaziga (“Mastercard Tourism Innovation Hub”) qo‘shilishini nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

“Kelishuv dunyoning 200dan ortiq mamlakat va mintaqalarida „Mastercard“ kartalaridan foydalanuvchilari orasida O‘zbekistonni sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish istiqbollarini ochib beradi”, — dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

Uning qayd etishicha, bitim to‘lov infratuzilmasini yaxshilash, mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun turar-joylar tajribasini, xarajatlar va sayyohlik oqimi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni o‘rganish imkonini yaratadi.

Loyiha doirasida “Mastercard” turizm innovatsiyalari markazi O‘zbekistondagi vazirlik va quyi tashkilotlar bilan hamkorlikda hukumat, mahalliy va xorijiy sayyohlar, turizm korxonalari uchun qo‘shma raqamli yechimlarni ishlab chiqadi.

Shuningdek, quyidagilar ham hamkorlik yo‘nalishlariga kiradi:

  • sayohatchilar va kichik biznes uchun xavfsiz, ishonchli va qulay to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • O‘zbekistonni sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish tendensiyalarini kuzatish;
  • strategiyalarni ishlab chiqish uchun tahliliy ma’lumotlarni taqdim etish;
  • qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va ilg‘or jahon tajribasini almashish.

“O‘zbekiston ulkan salohiyatga ega va biz o‘z texnologik platformamiz, ilg‘or to‘lov yechimlari, xalqaro tajriba, ma’lumotlar tahlili bo‘yicha vakolatlar va boshqa imkoniyatlarimiz yordamida mamlakat rivojlanishiga hissa qo‘shishimizdan faxrlanamiz”, — dedi “Mastercard” vitse-prezidenti Nikola Villa.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev xalqaro turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirgandi.


Joriyi yilning may oyida “Mastercard” O‘zbekistonda birinchi rasmiy vakolatxonasini ochishi ma’lum qilingandi.