Hukumat qarori bilan professional mediatorlar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, reyestrga kirish istagini bildirgan talabgor doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan DXMga o‘zi kelib murojaat etadi yoki onlayn shaklda Yagona portaldan ro‘yxatdan o‘tadi.

Bunda, maxsus o‘quv kursidan o‘tganligi haqida sertifikatga ega bo‘lishi kerak. Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng talabgor ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi hamda imzolaydi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi. Talabgor so‘rovnomasi to‘ldirilib, uning tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqada tegishli hududiy adliya organiga elektron shaklda yuboriladi.

Professional mediatorlar reyestri onlayn shaklda shakllantiriladi va yuritiladi. Ular quyidagi hollarda reyestrdan chiqarilishi mumkin:

  • reyestrdan chiqarish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganda;
  • vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
  • muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
  • sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  • davlat vazifalarini amalga oshiradigan lavozimga tayinlanganda yoki saylanganda, notariuslar bundan mustasno;
  • mediatorga nisbatan jinoiy ta’qib amalga oshirilayotganda;
  • bir yildan ortiq muddat mobaynida u to‘g‘risida ma’lumot olish imkoni bo‘lmaganda, hududiy adliya organining tegishli tarkibiy tuzilmasi xulosasiga ko‘ra;
  • doimiy yashash uchun O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketganda.

Professional mediator reyestrdan hududiy adliya organining qarori asosida chiqariladi. Mazkur reglament 2024-yildan amal qiladi.


Avvalroq Yagona portalda kontrakt pulini to‘lash imkoniyati yaratilgandi. Xizmatdan foydalanishda JSHSHIR raqami hamda to‘lov summasini kiritish kerak.