“SABAH.lab” akseleratsiya dasturining beshinchi to‘lqiniga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda “IT Park” matbout xizmati xabar berdi.

Besh oylik dastur MVP (Minimal hayotiy mahsulot) bosqichidagi startaplarni ishlab chiqish va investitsiyaga tayyorlash yo‘nalishlarida ko‘maklashadi

Qabul qilinganlarga startaplarga yo‘naltirilgan o‘quv mashg‘ulotlari va seminarlar, mahalliy va xalqaro mentorlar bilan ishlash imkoniyati taqdim etiladi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar marketing va UX/UI, IT-konsalting sohasida qo‘llab-quvvatlanadi.

Dasturda jamoa shaklida ishtirok etish mumkin hamda MVP bosqichidagi startap bo‘lishi talab etiladi. G‘oya bosqichidagi jamoasiz arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:

  • “Pitch Deck” yordamida g‘oyalar taqdimoti;
  • “Business Projection” orqali moliyaviy prognozni taqdim etish;
  • startapni tushuntiruvchi videorolik (maksimal 3 daqiqa).

Bundan tashqari, xalqaro mentorlar va investorlar bilan erkin muloqot qilish uchun startap asoschisi va bir nechta jamoa a’zolari ingliz tilini bilishlari kerak.

Dastur yakunida eng yaxshi startaplarga “SABAH.HUB” tomonidan $100 ming miqdoridagi minimal sarmoyalar taqdim etiladi.

Unda ishtirok etish uchun arizalarni joriy yilning 22-oktabrigacha havola orqali ingliz tilida jo‘natish mumkin. Joylar soni cheklangan.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq “Bo‘lajak olim” startap tanloviga arizalar qaytadan qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. G‘olib bo‘lgan loyihalarga 990 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Arizalarni 30-noyabrgacha jo‘natish mumkin.