E’tibor qarating: ushbu maqoladagi ma’lumotlar moliyaviy maslahat emas. Esingizda bo‘lsin — har qanday investitsiya moliyaviy xavflarni keltirib chiqaradi.


Bugungi kunda O‘zbekistonda SMM sohasi rivojlanib, mutaxassislarga talab kuchaymoqda va ular o‘z xizmatlarini taqdim qilib kelishmoqda.

Suhbatdoshimiz Ulug‘bek Pulatov 22 yoshda. Maktab paytida muzqaymoq sotish bilan shug‘ullangan Ulug‘bek o‘zi uchun yangi sohada ish izlaydi va muzqaymoq sotuvchisi ishidan ketib, har xil sohalarda onlayn ishlarni sinab ko‘radi. Lekin u SMM sohasini tanlaydi.

U hozirgi kunda SMM mutaxassisi va marketolog bo‘lib ishlaydi va “Pulatov School” internet kasb akademiyasi asochisi hisoblanadi.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:



SMMga qanday kirib kelganman

2017-yilda muzqaymoq sotish bilan shug‘ullanardim va o‘zim uchun qanaqadir yangi soha izlab yurgandim. Chunki sotuvchilik qilib yurgan paytlarimda tepamda rahbar nazorat qilardi va bu menga yoqmas, muhit ham o‘sadigan darajada emas edi. To‘g‘ri daromadi yaxshi edi, biroq men erkinlik xohlardim.

O‘zimni internet orqali, kompyuterda o‘tirib, xuddi kinolardagidek yoki “Instagram"dagi blogerlar kabi ishlaydigan odam sifatida ko‘rardim.

“Muzqaymoq sotib o‘tib ketmayman-u derdim, ertaga farzandlarim bog‘chaga yoki maktabga borgan vaqtda sinf rahbari dadang nima bilan shug‘ullanadi deb so‘raganida, muzqaymoq sotuvchisi degan gapni eshitish men uchun juda qo‘rqinchli bo‘lgan”.

Shunda hayotimni o‘zgartirishim kerak deganman va muzqaymoq sotishdan ketib, har xil sohalarda onlayn ishlarni sinab ko‘rganman.

Lekin menga eng to‘g‘ri kelgani bu SMM bo‘lgan. Nimaga? Chunki menga xohlagan joyimda turib ishlay oladigan, daromadim ham cheklanmagan, masalan, $1000-$5000 atrofida yoki undan ham ko‘proq topa olishim mumkin bo‘lgan ish kerak edi.

Shu bilan birga, kompyuter yoki telefon qarshisida o‘tirib, hech qayerga bormasdan ishlay olishim kerak edi. Men bularni SMM sohasida topganman va shu yo‘nalishda ish boshlaganman.

SMMni kimdan o‘rganganman? Hayotimda tez natijalarga erishishimda yoki o‘sishimda katta hissa qo‘shgan inson bor.

Masalan, GTA yoki boshqa o‘yinlarda “cheat kod” bo‘ladi. O‘sha kodni tersangiz imkoniyatlar paydo bo‘ladi va o‘ynashingiz osonlashadi.

Hayotda ham shunday “cheat kod"lar bor, lekin “olma pish, og‘zimga tush” degan darajada emas-ku, biroq o‘sha olmani tezroq olishga yordam beruvchi odam — bu ustoz.

SMM’ni 2018-yili ukrainalik Ivan degan odamdan o‘rganganman. U marketolog edi va sotuvni yaxshi tushunardi, shuningdek, uning konsultatsiya bilan shug‘ullanadigan kompaniyasi bor edi.

Ivan menga “mana shu narsa senga to‘g‘ri keladi” deya maslahat bergan va yo‘l ko‘rsatgan. Ivandan o‘rganishni va u bilan ishlashni boshlaganimdan keyin bir oyda o‘zim qoniqqan va birinchi topgan daromadim $2000 edi. Undan oldin esa $500−700dan ko‘p topmaganman.

O‘sha paytda pulni naqd qilib oyimni oldiga borganman va bu meni oyligim deganman. Shunda oyim universitetga kirishim kerak emasligini, men o‘zimni yo‘limni topayotganimni tushunganlar. Chunki shu yili meni universitetga kirishim asosiy masala bo‘lib, sentabrgacha o‘qishga kirishim kerak edi.

marketing, marketolog, smm, ulug‘bek pulatov

Bu sohada o‘rganish uchun universitetda o‘qish kerakmi?

Aynan bu sohada o‘qish uchun eng yangi bilim qayerda degan savolga javob topish kerak. Bunda, universitetda yangi bilim beriladi deb o‘ylamayman.

Chunki universitet bir-ikki yil emas, balki o‘n yil orqadagi tizim bo‘yicha o‘qitadi. Marketing esa tez o‘zgaruvchan sohalardan biri, har kuni nimadir yangilanadi.

Sohani kitob orqali ham o‘rganishni maslahat bermayman. To‘g‘ri, boshlang‘ich ko‘nikmalarni olish mumkin, lekin “hozirgi kunda nimalar orqali ishlash kerak?” degan savolga javobni kitoblar orqali topib bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, yaxshi natijaga erishgan odamlar universitetda dars berishmaydi va men buni eshitmaganman. Yo o‘zlari kurs ochishadi, masalan “Instagram” orqali, yoki o‘quv markazlarida dars berishadi. O‘zim ham shaxsan onlayn kurslar orqali o‘rganganman.

Hozirgi kunda o‘rganish uchun imkoniyatlar keng, ya’ni o‘zbek tilida ham o‘rganish mumkin. Chunki 2017−2018 yillarda soha bo‘yicha o‘zbek tilida hech kim o‘rgatmasdi va rus tilida o‘rganishga to‘g‘ri kelardi. Shuning uchun ham rus tilini bilish kerak edi. Hozir o‘zbek tilida ham o‘rgatadiganlar bor.

Sohadagi talab va yangi o‘yinchilarning kirib kelishi

Menimcha, sohada talab bitta joyda to‘xtab qolmaydi va o‘saveradi. Misol uchun statistikaga qarasangiz, yiliga yarim milliondan ortiq kompaniya ochiladi va bu to‘xtab qolmaydi. Natijada kompaniyalarning talabi o‘syapti, lekin ularni qoniqtiradigan SMM’chilar soni yetarli emas.

Hozir o‘rganayotganlar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin kimdir sohadan chiqib ketadi yoki boshqa yo‘nalishga o‘tib ketadi. Ayrimlar bir yoki ikkita mijoz bilan yaxshi ishlasa bir necha ming dollar topadi, bu unga yetadi.

Oldin SMM bilan shug‘ullanaman desangiz sizga mijozlar darrov “yopishar” edi. Hozir unaqa emas, yaxshi o‘qisangiz va yaxshi islasangiz mijoz topasiz. Sohada faoliyatini boshlayotganlar ko‘p, lekin sifatli xizmat taqdim etayotgan mutaxassislar soni kam. Bu esa sohada yangilar uchun hali o‘rin bor degani.

Sohaga kirmoqchi bo‘lganlarga maslahatlar

Aytib o‘tganimdek, o‘zimni tajribamda ham eng katta yordam bergani bu ustoz hisoblanadi.

Birinchisi, yaxshi ustozni topish, shuning o‘zi katta muvaffaqiyat, ikkinchisi, o‘z vaqtini sarflashga tayyor bo‘lishi, har bitta kasbda bo‘lgani kabi nimalardandir voz kechishi va ishlashi kerak bo‘ladi. Shuningdek, sohaga degan qiziqish va ishtiyoq bo‘lishi zarur.

Boshqa sohalarda muhim bo‘lgani kabi, bu sohada ham til bilish muhim. Oddiy misol, Dubayda kichkina bir kafe bor edi, ulardan SMM mutaxassisiga qancha ish haqi berilishini so‘raganimda $1500 berilishini aytishgandi. Toshkentda esa xuddi shunday kafe SMM mutaxassisiga taxminan $500 to‘laydi. Bular orasidagi farq 3 baravar katta.

O‘zbekistonlik bilan Dubaydagi SMM’chining bilimi va tajribasi bo‘yicha hechqanday farq yo‘q. Shunchaki, Dubayda ishlayotgan SMM mutaxassisi til biladi. Til bilsangiz sizga ko‘proq imkoniyatlar, davlatlar va daromad manbai ochiladi, yana qizlar ochiladi (kuladi). Faqat O‘zbekiston emas, ko‘proq davlatlar borasida tanlov bo‘ladi.

marketing, marketolog, smm, ulug‘bek pulatov

Shuning uchun men ham til o‘rganganman. Bu esa shaxsan menga Indoneziyada ham, Dubayda ham ishlashimda yordam bergan.

Demak, xulosa qilib aytganda sohaga kirmoqchi bo‘layotganlarga ishtiyoqli bo‘lishni, to‘g‘ri ustoz tanlash va til bilishni tavsiya qilaman.

Daromadim va ularni nimaga ishlataman

O‘rtacha oylik daromadim haqida aytadigan bo‘lsam, bu har doim har xil bo‘ladi. Ba’zida $10 mingdan $40 minggacha bo‘lishi mumkin. Agar toza daromadimni aytadigan bo‘lsam, doim bitta mashinaning puli deb aytaman.

Topgan daromadimni avtomobil, uy yoki boshqa qimmatbaho narsalarni sotib olish uchun emas, asosan, tajriba oshirishga sarflayman. Tajribamga investitsiya qilsam ertaga yana ham aqlli bo‘laman, yanayam ko‘proq pul topaman.

Tajribamga investitsiya kiritishim — bu sayohat qilish, har xil trening kurslarini sotib olish. Oxirgi olgan kursimning narxi $13 mingni tashkil qiladi.

Keyin “community"larni, odamlar gavjum joylarni sotib olaman, shuningdek, yaxshi natijaga erishgan odamlar ishtirok etadigan tadbir, konferensiyalarda qatnashishga ishlataman.

Xarajatlarim esa qayerda bo‘lishimga ham bog‘liq. Masalan, Toshkentda hech qayerga bormasam, ko‘proq ishlab faqatgina ovqatlanish uchun ishlatsam 400−500 ming so‘m ketadi. Agar o‘rtoqlarim bilan qayergadir borsam, 1,5 mln so‘m sarflayman.

Budjetimni ilova orqali nazorat qilaman va topayotgan daromadimdan shaxsiy xarajatlarim uchun sarflaydigan pulim 20%dan ko‘payib ketmasligiga harakat qilaman.

marketing, marketolog, smm, ulug‘bek pulatov

Eng katta xaridim haqida gapirsam, bu $55 mingga kvartira olganim, eng katta xatoyim esa noto‘g‘ri strategiya tanlaganman bo‘lgan. Shu bo‘yicha yarim yilcha ishlaganman, natijada u o‘zini umuman oqlamadi. Bu vaqt ichida $80 mingga yaqin mablag‘ ishlatib qo‘yganman va hammasi “nol"ga chiqqan. Ya’ni, marketing xatosi tufayli shuncha pul yo‘qotganman.

Xatolarimdan yana biri, boshida sohada e’tiborimni asosan pulga qaratganman. Kurslarimda ham o‘quvchilarimga pulni birinchi o‘ringa qo‘ymaslik haqida aytaman.

Rivojlanish uchun voz kechganlarim

8−9-sinfda maktabda o‘qiyotgan paytimda, dars tugagandan keyin men yugurib ketib ishga shoshardim, o‘rtoqlarim esa “Counter-Strike” o‘ynashga borishardi.

O‘sha paytda do‘stlarimga ko‘proq vaqt ajratishdan va qizlar bilan munosabatlardan ham voz kechganman. Bu narsalar haqida o‘ylamasdan, “fokus"ni faqat o‘zimga qaratganman. Voz kechganlarim foydamga ishlagan.

16 yoshimda menda ikkita tanlov bo‘lgan. Birinchisi o‘rtoqlarimga o‘xshab qizlarni orqasidan yurish va ular bilan vaqtimni behuda o‘tkazish, ikkinchisi esa e’tiborni ishga, o‘qish va o‘z ustimda ishlashga qaratish. Men ikkinchisini tanlaganman. Birinchi yo‘lni tanlaganlarni hozir ishi ham, qizi ham yo‘q. Menda esa ishim va daromadim bor. Shuning uchun, yigitlar men kabi ikkinchi yo‘lni tanlab, o‘z ustida ishlasa ham ishi va puli, ham qizi bo‘ladi (kuladi).

Rejalarim haqida bo‘lishishni yaxshi ko‘rmayman, ularni isboti bilan ko‘rsatishni yoqtiraman. Chunki rejalar o‘zgaruvchan bo‘ladi. Shuning uchun rejalarim haqida bo‘lishish unchalik yoqmaydi. Aytishim mumkin bo‘lgani, O‘zbekistondagi faoliyatimni boshqa davlatlarda ham rivojlantirmoqchiman.

Shaxsiy brendni rivojlantirish

Sohada kerakli odam sifatida qolish uchun shaxsiy brendni rivojlantirish, odamlarga o‘zingizni borligingizni bildirib turishingiz kerak. O‘zimda shaxsiy brend juda katta natija bergan va loyihalarimni ham u orqali rivojlantirishga harakat qilaman.

Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, shaxsiy brend yoki yuz orqali nimadir sotsangiz, sotuv 8 baravar osonroq bo‘ladi va arzonroq bo‘ladi. Shu sabab ham shaxsiy brend menga yordam bergan.