“UzAuto Motors” kompaniyasi ommabop avtomobillar narxlarini oshirgani ma’lum bo‘ldi.
Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, sotuvda mavjud bo‘lmagan “Lacetti”, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” modellari narxlari qimmatlashgan. Biroq kompaniya bu haqida rasmiy ma’lumot bermagan.
Komplektatsiyalarning narxlari quyidagicha oshirilgan:
- Lacetti L-Style Plus AT — 160 mln 868 ming so‘mdan 169 mln 118 ming so‘mga;
- Damas D2 DLX Style Plus — 92 mln 204 ming so‘mdan 96 mln 932 ming so‘mga;
- Labo LB2 Plus: 91 mln 669 ming so‘mdan 96 mln 370 ming so‘mga;
- Cobalt GS-Style Plus MT — 113 mln 711 ming so‘mdan 119 mln 542 ming so‘mga;
- Cobalt GX-Style Plus AT — 134 mln 294 ming so‘mdan 141 mln 181 ming so‘mga.
Avvalroq kompaniya kelasi yilgacha ommabop avtomobillar uchun yangi shartnomalar tuzmasligi va narxlar yana oshishi kutilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.
Shuningdek, “UzAuto Motors” joriy yil yakunigacha “Lacetti”, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” modellari uchun kontraktatsiya qayta ochilishini ma’lum qildi.
Mazkur avtomobillar uchun 2022-yilning dekabrida shartnoma berilishi bekor qilingandi va oradan sakkiz oy o‘tib — joriy yilning 5-avgustida kontraktatsiya qayta ochildi.
Oradan bir kun o‘tib esa mazkur avtomobillar uchun sotuv limiti tugagani ma’lum qilindi. 4−5 avgust kunlari “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” uchun 50 mingdan ortiq shartnoma imzolandi.
Qariyb o‘n kun ichida esa deyarli 51 mingga yaqin “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov qilingan.
Kompaniya avtomobillar joriy yilda o‘z egalariga topshirilishi hamda keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, 18-sentabr kuni “UzAuto Motors” avtomobillarning qo‘shimcha partiyasi uchun kontraktatsiyani qayta ochdi.
Shu kunning o‘zida, kompaniya shartnomalar tugaganini ma’lum qildi. Bir necha soat ichida kontraktatsiyasi qayta ochilgan avtomobil modellari uchun 28 mingdan ortiq shartnomalar imzolangan.