“X” (avvalgi Twitter) ijtimoiy tarmog‘i asosiy funksiyalar uchun yillik to‘lov $1 bo‘lgan yangi obuna modelini sinovdan o‘tkazishini aytdi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.
“Not A Bot” deb nomlangan yangi obuna foydalanuvchilardan boshqa akkauntlardagi postlarni yoqtirish, repost yoki iqtibos keltirish, shuningdek, platformaning veb-versiyasida xatcho‘plar qo‘yish uchun haq oladi.
Yangi obuna modelini joriy etishdan maqsad botlar va spamerlarga qarshi kurashish, deyiladi xabarda.
Kompaniya valyuta kursiga qarab to‘lovlar mamlakatdan mamlakatga farq qilishini qo‘shimcha qildi.
“X” yangi usul birinchi navbatda Yangi Zelandiya va Filippindagi foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘lishini aytdi.
Mavjud foydalanuvchilarga bu sinov ta’sir qilmaydi. Ammo obuna bo‘lishni istamagan yangi foydalanuvchilar faqat xabarlarni ko‘rish va o‘qish, video tomosha qilish va akkauntlarga obuna bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Ilon Mask “X” barcha foydalanuvchilar uchun pullik bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi.
“O‘ylashimcha, bu botlarning katta armiyasiga qarshi kurashish mumkin bo‘lgan yagona yo‘l”, — dedi tadbirkor.
Maskning tushuntirishicha, botlarni yaratish “arzimas pul” turadi, ammo “Twitter"dan foydalanish uchun “bir necha dollar” yoki “qanchadir miqdor” to‘lash kerak bo‘lsa, bu juda qimmatga tushadi.
Shuningdek, u hozirda botlardan foydalanayotgan sun’iy intellekt odamlarga qaraganda botlarni aniqlash uchun mo‘ljallangan “Captcha” testlaridan yaxshiroq o‘tishini aytdi.
Joriy yilning iyun oyida “Twitter” o‘z nomini “X"ga o‘zgartirishi ma’lum qilindi. Undan keyin, iyul oyida ijtimoiy tarmoq yangi muqobil manziliga (X.com) ega bo‘ldi.