Raqamli texnologiyalar vazirligi Xitoyning “BYD Auto Industry” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, vazirlikning “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” va Xitoy kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi.
Hujjat “Elektron hukumat” tizimining Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘z ichiga oladi.
Uning doirasida O‘zbekistonda “BYD” tomonidan sotiladigan avtomashinalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazalari, avtomobillardagi yordamchi assistent hamda aktual dasturiy ta’minotlarni doimiy ravishda yangilab borish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Toshkent hokimligi “BYD” bilan 2000ta elektrobus xarid qilishga kelishgandi. Kelasi yilda poytaxtga K9UD eBus rusumli 200ta avtobusning birinchi partiyasi keltiriladi.
Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev kompaniya prezidenti va asoschisi Van Chuanfu bilan uchrashib, O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqqandi.