“Centrum Air” Toshkentdan Hindistonning Goa shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Aviaqatnov joriy yilning 5-dekabridan boshlanib, haftada bir marotaba — seshanba kunlari olib boriladi.
Hozircha kompaniya saytida yo‘nalish bo‘yicha narxlarga oid ma’lumotlar keltirilmagan.
Avvalroq “Centrum Air” Toshkentdan Bishkekka parvozlarni yo‘lga qo‘yishi xabar berilgandi. Kompaniya shartnomaviy asosda bu yo‘nalishda yo‘lovchilar, yuklar va pochtaning muntazam tashuvchisi etib tayinlandi.
Joriy yilning aprel oyida kompaniya Namangan va Toshkentdan Jidda shahriga parvoz qila boshladi. May oyida Toshkent-Sharm El-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslar yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Toshkentdan Tbilisi, Hurgada hamda Olmaotaga ham parvozlarni boshlagan. Iyunga kelib, Urganch, Buxoro va Termizni Moskva bilan bog‘ladi.
Iyul oyi oxirida esa aviatashuvchi Sankt-Peterburgdan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Sentabrda Urganch-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha qatnov yo‘lga qo‘yildi.
Avvalroq prezident Silk Avia kompaniyasi faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qarorni imzolagandi.