Joriy yilgi paxta terimi mavsumi boshlanganidan buyon mamlakatda paxta narxini belgilash borasida turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Eksportning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun, jahon bozoridagi paxta narxi hisobga olinadi, deya qayd etdi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha O‘zbekistonda bu sohada davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilingani sabab, uning narxini xaridorlar (paxta-to‘qimachilik klasterlari) va sotuvchilar (fermerlar) belgilaydi.

“Mamlakat paxtachilik tarmog‘ini bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tkazmoqda. Narxlarning davlat tomonidan belgilanishidan voz kechdik va endi uni bozorning o‘zi — talab, taklif, ishtirokchilar kutilmalari belgilab beradi. Eksportimizning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun, jahon bozoridagi paxtaning narxi hisobga olinadi”, — dedi vazir.

Ma’lum qilinishicha, fermerlar tomonidan majburiy xarid narxini belgilab berish borasida murojaatlar kuzatilgan. Vazirlik esa, kompaniyalarni belgilangan narxda paxta sotib olishga majburlash mumkin emasligini qayd etdi.

“Vazirlik o‘z vakolatlari doirasida ko‘mak beradi: bahs-munozaralarda mediator bo‘lib ish ko‘radi, narxni shakllantirish bo‘yicha maslahatlar beradi, subsidiyalar va imtiyozlar mexanizmlarini ishlab chiqadi va joriy etadi”, — dedi Aziz Voitov.

Shuningdek, vazir ayrim fermerlar va klasterlarning shartnomalar tuzishga erishganini, ayrimlarining esa narx borasida hali ham kelisha olmayotganini erkin bozordagi tabiiy holat, deya baholadi.

“Endi fermer narxni o‘zi belgilashi va xaridor-klaster bilan muzokaralarni o‘zi o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida, klaster ham ko‘proq foyda ko‘rishdan manfaatdor bo‘ladi. Biroq, bu iqtisodiyot uchun muhim qadam bo‘lib, uni albatta amalga oshirish lozim”, — deydi vazir.

Vazirlik mutaxassislari tomonidan joriy yil hosili uchun kutilayotgan minimal narx 1 kg uchun 8 ming so‘mni tashkil etadi. Nyu-York birjasidagi paxta fyuchersi kotirovkalari (oktabr uchun o‘rtacha kotirovka 1 funt/84 sent yoki 1 tonna/$1852ga teng) va boshqa ko‘rsatkichlar (hom ashyoni tayyorlash, tashish, saqlash va tolani qayta ishlash uchun sarf-xarajatlar hisobiga qisqarish)dan shakllanadi.

Sentabr oyi boshida vazirlik paxta terimi uchun e’lon qilingan to‘lov narxlarini rad etib, bozor tamoyili asosida belgilanishini bildirgandi. Undan keyin, paxta xom-ashyosining narxini aniqlash bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

O‘tgan oyda paxta xomashyosini yetishtiruvchilar uchun QQSni to‘lash hamda hisobga olish muddatlarini muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.