Janubiy Koreya kompaniyasi Farg‘onada golf maydoni qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Koreyaning “Dream Build Team” kompaniyasi rahbari Pak Yong Shik hamda “Incense Korea” kompaniyasi rahbari Yu Li Bokni qabul qildi.
“Dream Build Team” kompaniyasi Quva tumani hududida golf maydoni tashkil etish loyihasini ishlab chiqmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi ikkinchi golf maydonining barpo etilishi Farg‘onaga Koreya va boshqa mamlakatlar hamda YeIdan golf bilan shug‘ullanuvchilarni jalb qilishi mumkin.
“Dream Build Team” kompaniyasi bilan viloyatdagi ekoshahar hududida biznes markazi barpo etish loyihasi bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
“Incense Korea” kompaniyasi bilan avvalroq ekoshaharning tegishli kichik sanoat zonasida “Koreys ishlab chiqaruvchilari sanoat parki"ni tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgandi.
Uchrashuvda Yu Li Bok ushbu sanoat parkida joylashtirish ko‘zda tutilayotgan investitsion loyihalar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, “Incense Korea” kompaniyasi tomonidan Toshkent-Farg‘ona avtomagistral yo‘li bo‘yida Koreya standartlariga mos, savdo, mehmonxona, ovqatlanish va logistika xizmatlarini o‘z ichiga olgan ko‘p tarmoqli xizmat ko‘rsatish markazi barpo etish loyihasi taqdim etildi.
Viloyat rahbari xizmatlar sohasini rivojlantirishga yangicha yondashuvlar kerakligini ta’kidlab, loyiha qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Bundan tashqari, misni chuqur qayta ishlash, pullik yo‘llar qurish, turistik obyektlar barpo etish loyihalari bo‘yicha investitsion hamkorlik bo‘yicha fikr almashildi.
Ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda koreyalik investorlarning ijtimoiy hamkorligi bo‘yicha kelishib olindi.
Joriy yilning aprel oyida Janubiy Koreyaning “Sangjin Co” kompaniyasi Quva tumanida golf maydonlarini tashkil qilish loyihasini o‘rganishi ma’lum qilingandi.
Janubiy Koreya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda turli sohalarda investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Investitsiyalar hajmi $7 mlrddan ortiqni tashkil etib, qariyb 1000ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Sentabr oyida mamlakatning “Hyundai Rotem”, “KEC” korporatsiyasi hamda “Cheil Engineering” va “Dohwa Engineering” kompaniyalari bilan transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilishga kelishildi.
Avvalroq Xitoy bilan Farg‘onada elektromobil ishlab chiqarishning birinchi bosqichi boshlanishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.