Moskva arbitraj sudi “Google"ning Rossiyadagi bo‘linmasi “Google” MChJni bankrot deb topdi, deya xabar bermoqda “Interfax” nashri.

Qayd etilishicha, sud olti oy muddatga bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni joriy qilgan.

Endi kompaniyaning mulki, agar mavjud bo‘lsa, qarzlarni to‘lash uchun sotiladi. Sud bankrotlik bo‘yicha boshqaruvchi Valeriy Talyarovskiyning hisobotini 2024-yil 17-aprelga belgiladi.

Reyestrga kiritilgan kreditorlarning talablari hajmi taxminan 53,6 mlrd rublni tashkil qiladi. 2023-yil avgust oyida birinchi yig‘ilish natijalariga ko‘ra kreditorlar “Google"ning majburiyatlarini deyarli 20,2 mlrd rublga baholadilar.

“Google"ning Rossiya tuzilmasi 2022-yil may oyida o‘zini bankrot deb e’lon qilish rejasini ma’lum qildi va iyun oyida tegishli da’vo bilan sudga murojaat qildi.

Sentabr oyida Moskva arbitraj sudi kompaniya da’vosini asosli deb tan oldi va monitoring tartibini joriy qildi.

“Google” Rossiyada bir necha marta jarimaga tortilgan. Xususan, mamlakat qonunchiligini qayta-qayta buzganligi uchun kompaniya 2021-yil oxiridan buyon ikki marta, jami 29 mlrd rubldan ortiq aylanma jarimaga tortilgan.


Avvalroq “Spot” milliarder Richard Brensonning “Virgin Orbit” kompaniyasi bankrot deb topilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya aksiyalarining qulashidan keyin faoliyatini davom ettirish uchun mablag‘ topa olmagan.