Eron O‘zbekistonga viza rejimini bekor qilish bo‘yicha kelishuv tuzishni taklif qildi, deya xabar bermoqda Eronning “Teheran Times” nashri.

18-oktabr kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov Samarqandda eronlik hamkasbi Ezatulloh Zarg‘amiy bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Xususan, Eron turizm vaziri davlatlar o‘rtasida viza rejimini bekor qilish taklifini bildirdi.

“Buxoroga tashrif buyurganimda bu ikki xalq qanchalik yaqin ekanini his qildim. Biz o‘zbekistonlik sayyohlarning Eronga kelishini qo‘llab-quvvatlaymiz, shuningdek, xorijga sayohat qilishni rejalashtirayotgan eronlik sayyohlar uchun O‘zbekiston ham ustunlikka ega bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz”, — dedi u.

Shuningdek, Zarg‘amiy, o‘zaro turizmni rivojlantirish uchun mamlakatlar quruqlikdagi sayohatni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Bunga erishish uchun Turkmaniston bilan hamkorlik qilish taklif qilinmoqda.

Eron 60ta mamlakat fuqarolari uchun viza tartibini yengillashtirish, jumladan, viza tartibini bir tomonlama bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

O‘tgan yilning sentabrida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida tadbirkorlar va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.

Shu bilan birga, diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan ikki tomonlama ozod etish belgilangan.


Avvalroq Qatar O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgandi. Endilikda fuqarolar mamlakatda 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.