Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tovar-xom ashyo birjasida AI-80 rusumli avtobenzinning kunlik savdosiga limit belgilandi. Bu haqda bozor ishtirokchilari “Spot"ga ma’lum qildi.
17-oktabr kuni Raqobat qo‘mitasi AYOQShlarga AI-80 benzinini kuniga 10 tonnagacha sotishga cheklov kiritdi. Qo‘mita bu talab vaqtinchalik ekanligini ta’kidladi.
Bunga javoban yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari prezident qabulxonasiga benzin sotishning kunlik limitini 10 tonnadan 4 tonnagacha kamaytirishni so‘rab xat yo‘lladi.
Unga ko‘ra, mamlakatda bir sutkada AI-80 benzinini ishlab chiqarish hajmi o‘rtacha 150 tonnani tashkil etadi, birja savdolarida 30dan 34tagacha xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishtirok etadi.
Kunlik limitning joriy etilishi natijasida birjadagi benzin xaridorlari soni ikki barobarga — 15tagacha yoqilg‘i quyish shoxobchasiga qisqardi.
“Bu, o‘z navbatida, barcha hududlarda narxlarning oshishiga olib keldi, tengsizlik va iste’molchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi”, — deyiladi xatda.
Savdo ishtirokchilarining ta’kidlashicha, belgilangan limit yoqilg‘i quyish shoxobchalarining bir qismini yopishga olib kelgan, birjadan benzin sotib olishga muvaffaq bo‘lgan boshqa AYoQShlarda esa qatorasiga navbatlar paydo bo‘lgan. Cheklovning 4 tonnagacha kamaytirilishi barcha xususiy AYoQShlarga birjadan benzin sotib olish imkonini beradi.
Avvalroq joriy yilning to‘qqiz oyda xususiy AYOQShlarda 9,15 mln litr sifatsiz benzin sotilishining oldi olingani haqida xabar berilgandi. “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan 225ta holatda sifatsiz neft mahsulotlari sotilayotgani aniqlangan.