Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 1-noyabridan AI-80 benzin narxining oshishi haqida xabarlar tarqalgandi.
O‘zbekistonda AI-80 benzini narxi oshirilmaydi, deya xabar bermoqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xodimi Mo‘min Ibodov.
Qayd etilishicha, “O‘zbekneftgaz” bu xabarlarni asossiz deb biladi hamda kompaniyaga tegishli AYoQShlarda narxlar eski belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Avvalroq “Spot” tovar-xom ashyo birjasida AI-80 benzinining kunlik savdosiga limit belgilangani haqida xabar bergandi.
17-oktabr kuni Raqobat qo‘mitasi AYOQShlarga AI-80 benzinini kuniga 10 tonnagacha sotishga cheklov kiritdi. Qo‘mita bu talab vaqtinchalik ekanligini ta’kidladi.
Bunga javoban yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari prezident qabulxonasiga benzin sotishning kunlik limitini 10 tonnadan 4 tonnagacha kamaytirishni so‘rab xat yo‘lladi.
Unga ko‘ra, mamlakatda bir sutkada AI-80 benzinini ishlab chiqarish hajmi o‘rtacha 150 tonnani tashkil etadi, birja savdolarida 30dan 34tagacha xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishtirok etadi.
Kunlik limitning joriy etilishi natijasida birjadagi benzin xaridorlari soni ikki barobarga — 15tagacha yoqilg‘i quyish shoxobchasiga qisqardi.
O‘tgan yilning dekabrida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzinga bo‘lgan talab oshganligi uchun AYoQSHlarni ogohlantirib, asossiz qo‘shimcha daromad olish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragandi.
Undan keyin, prezident qarori bilan 2023-yil 1-martgacha AI-80 rusumli avtobenzini uchun aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llanishi belgilangandi.
Shu vaqtda Antimonopol qo‘mita “Benzin narxi” botini ishga tushirdi va u orqali AYoQSHlar kesimida benzin narxlari haqida kunlik ma’lumot olish mumkin bo‘ldi.
Fevral oyida esa AYoQShlarga yetkazib berilgan AI-80 avtobenzin to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn kuzatib borish imkoni yaratildi.