Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan joriy yilning uchinchi choragi uchun “Banklar faollik indeksi” hisoblandi va unga asosan banklarning reytingi yangilandi. Bu haqda markaz “Spot"ga ma’lum qildi.

Mazkur indeks mamlakatdagi 29 ta tijorat banklari uchun, banklarning hajmiga qarab katta (17 ta) va kichik (12 ta) banklarga guruhlangan holda hisoblangan.

Indeks 27 turdagi koeffitsiyentlarni guruhlash, taqqoslash va reytinglash asosida aniqlanadi.

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, davlat ulushiga ega yirik banklar orasida ikkita bank, “Xalq bank” va “Agrobank”, xususiy banklardan “Infinbank” o‘z pozitsiyalarini bir vaqtning o‘zida ikki punktga yaxshiladi.

Kichik banklar orasida to‘rtta bank — “Universal bank”, “TBC bank”, “Tenge Bank” va “Poytaxt bank” — umumiy hisobda bittadan pozitsiyalarini yo‘qotgan.

Banklarning asosiy ko‘rsatkichlari

2023-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, respublika bank tizimining aktivlari 611,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 15%ga o‘sgan.

Majburiyatlar 15%ga oshib, 524,7 trln so‘mga, kreditlar qoldig‘i 25%ga o‘sib, 444,7 trln so‘mga yetgan.

Depozitlar qoldig‘i esa 220,5 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 7%ga o‘sgan bo‘lsada, o‘tgan yilgi 56,7%lik o‘sishga nisbatan keskin sekinlashgan.

Yil davomida bank tizimidagi jami depozitlardagi xorijiy valyutadagi omonatlarning ulushi 10%ga — 42,6%dan 32,3%gacha kamaygan.

Qaysi banklar yetakchi

Yirik banklar reytingida “Xalq banki” likvidlik ko‘rsatkichlarida sezilarli darajada, birdaniga 5 pog‘onaga oshib, shu bilan birga moliyaviy vositachilik, kapitalning yetarliligi va aktivlar sifati ko‘rsatkichlarida ham bir pog‘onadan yuqoriladi.

banklar reytingi

“Agrobank” moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichlarini (+2 pog‘ona) va “Invest finans bank” kapital yetarliligi ko‘rsatkichlarini (+5 pog‘ona) yaxshilagan.

Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, yana uchta bank bitta pog‘onaga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ldi — bular “Asia Alliance bank”, “Trastbank” va “O‘zsanoatqurilishbank”.

"Kapitalbank", “Aloqabank”, “Mikrokreditbank”, “Turonbank” va “Asakabank” tijorat banklari umumiy reytingda o‘z o‘rinlarini saqlab qoldilar.

Daromadlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha — “Asakabank” eng quyi o‘rinni saqlab qoldi va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha -“Xalq bank” va “Turon bank” 2 pog‘onaga, “O‘zmilliybank” va “Asia Alliance bank” 1 pog‘onaga pastlagan.

Kichik banklar reytingida “Davrbank” yetakchilikni saqlab qoldi, “Ziraat bank” esa 2 pog‘onaga ko‘tarilib, reytingda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va “Universalbank” va “TBC Bank” 1 pog‘onaga tushib, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallashgan.

banklar reytingi

Bundan tashqari, “Tenge bank” va “Poytaxt bank” reytingda 1 pog‘onaga pasaygan bo‘lsa, “Madad invest bank” va “Anorbank” esa 1 o‘ringa ko‘tarilishgan. Qolgan banklar o‘tgan davrga nisbatan o‘z o‘rinlarini saqlab qolishdi.

“Poytaxt bank”, davlat ulushiga ega bo‘lgan yagona kichik bank, “aktivlar sifati” va “likvidlik” ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2 pog‘onaga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi, ammo “moliyaviy ommaboplik” va “boshqaruv samaradorligi” bo‘yicha 1 pog‘onaga pastlagan va bu esa bankning umumiy reytingda 1 pog‘onaga pastlashishiga sababchi bo‘ldi.


Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan joriy yilning birinchi yarmi uchun “Banklar faollik indeksi” e’lon qilingandi.