Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 15-oktabridan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan aholi “Inson” markazlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash bo‘yicha arizalarni qabul qilish vakolati beriladi.
2024-yildan birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga hamda davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlari ijtimoiy xodimlar tomonidan bir yilda bir marotaba o‘rganiladi.
Bunda, o‘rganish ma’lumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuritib boriladi.
2024/2025 o‘quv yilidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan o‘tkaziladigan “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan xodimlar davlat OTMlariga “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Kelasi yilning 1-iyulidan moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish orqali har bir fuqaro (oila) uchun belgilangan ijtimoiy to‘lovlar, taqdim etilgan imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarning har bir fuqaro kesimida “Ijtimoiy himoya” ATda hisobi yuritiladi.
Shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochilgan davlat jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar integratsiya qilinadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan:
- joriy yilning 1-noyabridan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar eksperiment tarzida yo‘lga qo‘yiladigan tuman (shahar)larda “Inson” markazlarida og‘ir vaziyatga tushgan aholi uchun psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi;
- 15-noyabrgacha o‘zining tizimiga kiradigan tashkilotlarga tegishli bino va inshootlarga ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi NNTlarini, zaruratga ko‘ra, tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralari ko‘riladi;
- 1-dekabrgacha tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish natijasiga ko‘ra nogironligi bo‘lganlar uchun sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mumkin bo‘lgan mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar integratsiyasi ta’minlanadi;
- 2024-yilgacha ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqishga mo‘ljallangan “ishonch telefoni” ishga tushiriladi.
Oktabr oyi boshida aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi. Unda O‘zbekistonning 28ta tuman (shahar)larida tajriba tarzida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilishi belgilangan.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlariga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini uy-joy fondiga ega bo‘lgan muassasalarga olti oy muddatgacha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi beriladi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi"ni yuritish tartibi joriy etilishi belgilangandi.