Toshkent xalqaro aeroporti estakadasida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan ortiqcha turgan haydovchilar jarimaga tortiladi. “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgichga o‘rnatilgan yo‘l kameralari YHXB tizimlari bilan integratsiyalashgan.
2021-yilning iyul oyidan Toshkent aeroporti yo‘l o‘tkazgichiga kirish yo‘lovchilar va kuzatuvchilar uchun test rejimida ochilgandi. 2022-yilning fevraliga kelib, unga kirishga ruxsat berildi.
Xususan, turli toifadagi transportlar uchun quyidagicha to‘xtab turish vaqti belgilangan:
- yengil avtomobillar uchun — 5 daqiqagacha;
- turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun — 10 daqiqagacha.
Yo‘l o‘tkazgichning o‘ng va chap qismlarini ajratib turuvchi sariq chiziqda ham to‘xtash taqiqlanadi. Yurish qoidalariga rioya qilish va yo‘l o‘tkazgichda harakatni tartibga solish aeroport xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgandi.
Joriy yilning 1-noyabridan tizim avtomatik ravishda ishlaydi. Xususan, to‘xtash vaqtidan oshib ketganda (to‘xtab turish taqiqlanadi) va sariq chiziqda to‘xtab turish uchun haydovchilarga jarimalar avtomatik tarzda belgilanadi.
Yo‘l o‘tkazgichda bir vaqtning o‘zida 30tagacha avtomobil yoki sayyohlik avtobuslarini hisobga olganda 17tagacha avtomobil bo‘lishi mumkin.
Uzoq turishni rejalashtirayotgan haydovchilarga jo‘nash terminali oldidagi avtomobil turar joylaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Sentabr oyida Toshkent aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminali old qismi qayta ochilgandi. Hududga yengil avtomobillar, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha kirishga ruxsat beriladi. Bu vaqtdan o‘tib ketgan taqdirda avtomatik tarzda jarima solinadi.