Rossiya kompaniyasi Sirdaryoda biotexnologik majmua tashkil etish istagida. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Rossiyaning “Impact-Bio” kompaniyasi asoschisi Andrey Kirik va kompaniya direktori Ivan Savinsev bilan uchrashdi.

Kompaniya vakillari Yangiyer erkin sanoat zonasi hududida oqsilli ozuqa, oziq-ovqat qo‘shimchalari va biopolimer mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ustida ish olib borilayotgani haqida to‘xtaldi.

Loyiha qiymati $20 mlnni tashkil etib, agar zaruriy sharoitlar yaratilsa, Rossiya tomoni loyihani amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.

Viloyat hokimi rossiyalik hamkorlar tomonidan bildirilgan taklifni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Uchrashuvda biotexnologik majmua loyihasi va erishiladigan natijalar haqidagi taqdimot namoyish etildi.

Yakunda bu borada birgalikda olib boriladigan sa’y-harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishilib, o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari, Xitoy bilan Sirdaryoda biotexnologik mahsulotlar texnoparki tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Loyiha qiymati $50 mlnni tashkil etib, texnoparkda oqsil, biomahsulotlar, vitaminlar, antioksidantlar olish joriy etiladi.


Avvalroq Toshkentda Rossiya bilan hamkorlikda Agro innovatsiya markazi ochilishi haqida xabar berilgandi.