Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Belorusning “Alyutex” kompaniyasi vakillari Aleksandr Sarokin hamda Sergey Barishnikovlar bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda viloyatda Belorusning “Mogilyovliftmash” liftlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Korxona viloyatdagi ekoshahar hududidagi kichik sanoat zonasida barpo etilishi hamda dastlabki bosqichda ushbu liftlarni yig‘ish va servis xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi bosqichda esa butlovchi detallarni mahalliylashtirish ko‘zda tutilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi talabdan kelib chiqqan holda kengaytirib boriladi.

Viloyat hokimi mazkur loyihani amalga oshirishga ko‘mak berilishini bildirdi. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tartibda ish tashkil etilishiga kelishildi.

Mogilyov lift mashinasozligi zavodi 1966-yili tashkil etilgan. Korxona ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha MDH davlatlari hududida yirik korxona hisoblanadi.

Zavodda ijtimoiy va sanoat obyektlari, ko‘p qavatli uylar uchun mo‘ljallangan jami 180 turdagi va quvvatdagi liftlar ishlab chiqariladi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Rossiyaning “Shcherbinskiy” zavodidan lift sotib olish bo‘yicha qiymati 200 mln rubllik shartnoma tuzgandi.

Kelishuvga ko‘ra, jihozlar o‘zbekistonlik qurilish kompaniyalariga uch yil davomida yetkazib berilishi rejalashtirilgan.