Farg‘ona viloyatida qiymati 6 mlrd so‘mga yaqin uyali aloqa vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqaro boshqaruvidagi “Cobalt” Namangan viloyatiga kirish maskanida to‘xtatilgan.
Avtomobil ko‘zdan kechirilganida uning saloni va yukxonasida chetdan noqonuniy olib kirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.
Jami 24 turdagi 550ga yaqin smartfonlarning dastlabki qiymati 5,78 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Qo‘mita matbuot xizmatining qayd etishicha, avvaldan kuzatuvga olingan “Cobalt” saloni va yukxonasiga “Iphone 15 Pro”, Iphone 15 Pro Max", “Samsung Galaxy S23 Ultra”, “Samsung Galaxy S23 FE” rusumidagi smartfonlar yashirilganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.