Avvalroq “Spot” Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tovar-xom ashyo birjasida AI-80 rusumli avtobenzinning kunlik savdosiga limit belgilagani haqida yozgandi.
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi AI-80 benzinining ulgurji savdosi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan tushuntirish berdi.
Qo‘mita matbuot xizmati tovar-xomashyo birjasi orqali yoqilg‘i sotishga hech qanday cheklovlar kiritilmaganini ta’kidladi.
Birja savdolarida, benzinning 80%i 1 tonna lotlarda qolgan qismida vagon normasida (60 va 55 tonna) sotilmoqda.
Avgust oyida jami kunlik 2,8 ming tonna mahsulot qo‘yilgan bo‘lsa, oktabr oyida esa o‘rtacha 3,2 ming tonnadan savdoga chiqarilmoqda, ya’ni taklif 14%ga oshirilgan.
Bu esa ko‘proq xaridorlarga mahsulotni olishga imkoniyat yaratadi, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, qonunga ko‘ra, Qo‘mita bir sessiyada yoqilg‘i xaridining maksimal hajmini joriy etish huquqiga ega. Mavsumiy talab va narxlarning yuqori o‘zgaruvchanligi sharoitida bozorni barqarorlashtirish uchun bunday chora-tadbirlar joriy etilmoqda.
Joriy yilning avgust oyida benzin narxlarining oshishi natijasida mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 5 tonna etib belgilangan edi.
Mazkur choralar hamda taklifni oshirilishi joriy yilning sentabr oyi oxirida hamda oktabr oyining birinchi yarmida birja savdolarida benzin narxlarining 10%gacha pasayishiga va bir muncha barqarorlashishiga olib keldi.
Ayni paytda jahon bozorida neft yana qimmatlasha boshladi va bir qator davlatlar benzin eksportini chekladi. Mahalliy bozorga tashqi bosimni yumshatish uchun 17-oktabrdan boshlab qo‘mita kunlik xarid limitini 10 tonnagacha oshirdi.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi 2 mingdan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalarining 99%i AI-80 benzinini litrini 6800 so‘mdan sotmoqda, deya ta’kidladi qo‘mita.
Benzin ulgurji bozoridagi vaziyat 19-oktabr kuni asosiy yoqilg‘i yetkazib beruvchilar — “O‘zbekneftgaz” va “Saneg” kompaniyalari vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda muhokama qilindi. Korxonalarga qo‘shimcha hajmdagi benzinni auksionga olib chiqish topshirildi.
Shuningdek, benzin sotilishini nazorat qiluvchi idoralararo guruhlar tashkil etiladi. Ularga yoqilg‘i taqchilligi, yoqilg‘i shov-shuvi va narxlarni sun’iy ravishda oshirib yuborish holatlarining oldini olish choralarini ko‘rish yuklatildi.
Bir kun avval yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari Prezident qabulxonasiga kunlik limitni 4 tonnagacha kamaytirish iltimosi bilan murojaat qilgan edi. Ularning fikricha, bu savdo ishtirokchilari sonini kengaytiradi.