Avvalroq “O‘zbekneftgaz” ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan AI-80 benzini narxining oshishi haqidagi xabarlarni rad etgandi.
Kompaniyaga tegishli AYoQShlarda narxlar eski belgilangan tartibda amalga oshirilishi ta’kidlangandi.
20-oktabr kuni kompaniya kunning ikkinchi yarmidan boshlab ayrim AYoQShlarda AI-80 benzini taqchilligi kuzatilganini ma’lum qildi.
“Xavotirga o‘rin yo‘q … benzin avvalgidek tartibda sotuvga chiqariladi”, deb yozdi “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi Mo‘min Ibodov.
Xususan, AI-80 benzini taqchilligi masalasi bugun, kechga borib bartaraf etilishi va AYoQShlarda benzin avvalgidek tartibda sotuvga chiqarilishi ta’kidlangan.
Joriy yilning 17-oktabridan Raqobat qo‘mitasi birja savdosida AI-80 benzinining kunlik xarid limitini 10 tonnagacha oshirdi. Bunga javoban yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari prezident qabulxonasiga benzin sotishning kunlik limitini 10 tonnadan 4 tonnagacha kamaytirishni so‘rab xat yo‘lladi.
Unga ko‘ra, mamlakatda bir sutkada AI-80 benzinini ishlab chiqarish hajmi o‘rtacha 150 tonnani tashkil etadi, birja savdolarida 30dan 34tagacha xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishtirok etadi.
Qo‘mita AI-80 benzinining ulgurji savdosi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan tushuntirish berib, tovar-xomashyo birjasi orqali yoqilg‘i sotishga hech qanday cheklovlar kiritilmaganini ta’kidladi.
Benzin ulgurji bozoridagi vaziyat 19-oktabr kuni asosiy yoqilg‘i yetkazib beruvchilar — “O‘zbekneftgaz” va “Saneg” kompaniyalari vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda muhokama qilindi. Korxonalarga qo‘shimcha hajmdagi benzinni auksionga olib chiqish topshirildi.
Shuningdek, benzin sotilishini nazorat qiluvchi idoralararo guruhlar tashkil etiladi. Ularga yoqilg‘i taqchilligi, yoqilg‘i shov-shuvi va narxlarni sun’iy ravishda oshirib yuborish holatlarining oldini olish choralarini ko‘rish yuklatildi.