Joriy yilning 28-sentabriga o‘tar kechasi Toshkentning Sergeli tumanida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘lib, episentri Quruvchilar dahasida joylashgan “Interlogistics” kompaniyasining bojxona ombori bo‘ldi.
Favqulodda vaziyat oqibatida jami 1616ta xonadonga yetkazilgan zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda portlash oqibatlarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan Hukumat komissiyasi ma’lum qildi.
Xususan, 39ta ko‘p qavatli uylardagi 1370ta xonadon hamda 246ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan.
Bundan tashqari, hududdagi 305-son umumta’lim maktabi (1250 o‘rinli) va 600-son bog‘chaning (720 o‘rinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismi zararlangan. Hozir bu obyektlarga pudrat tashkiloti biriktirilib, qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.
Voqea natijasida 163ta fuqaro jabrlangan, ularning 150tasi yengil va 13tasi og‘ir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari natijasida vafot etgan. Bu haqda
Jarohat olganlarning 24 nafari shifoxonaga yotqizilib, ularga tegishli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Qolgan 138 nafari ambulator davolanishga yuborilgan. Hozirda jarohatlangan barcha fuqarolarning salomatligi tiklanib, uyiga ruhsat berilgan.
400ta ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi hamda ularning 100 nafar voyaga yetmagan farzandlariga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Favqulodda vaziyat sabablarini o‘rganish jarayonida yong‘in boshlangan joy va portlash o‘chog‘i metall va “sendvich” panellardan qurilgan omborda yuz berganligi aniqlandi. Yong‘in va portlash oqibatida omborning metall konstruksiyalari deformatsiyaga uchrab, qulab tushgan.
Omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlab kelingan.
Hodisa joyidan olingan namunalar asosida o‘tkazilgan kimyoviy tadqiqotlar natijasida poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekular karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalar mavjudligi aniqlandi.
Bu moddalar omborxonada saqlanayotgan vodorod peroksidi, alkid smolasi, alkilbenzolsulfon kislotasi, latex, poliefir smolasi, kaustik soda moddalari va lak mahsulotlarining tarkibiy qismlari bo‘lib, yong‘in va portlash xavfi yuqori hisoblanadi.
Hodisa joyi o‘rganilganda aynan vodorod peroksidi saqlangan joy yaqinida gul qog‘ozlar va boshqa yonuvchi materiallar saqlangani aniqlandi.
Omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan.
Holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Omborxona hududida 12ta ijarachi kompaniyaning katta miqdordagi turli xil nomenklaturadagi tovarlari saqlanganligi hamda jinoyat ishi doirasida mutaxassislar tomonidan bir nechta turdagi ekspertiza tadqiqotlari (sudga oid kimyoviy, yong‘in-texnik, portlash, tovarshunoslik, qurilish va boshqalar) o‘tkazilayotganligi uchun yong‘in va portlash sabablari hamda yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha yakuniy xulosaga kelish muayyan vaqtni talab etmoqda.
Bu kabi noxush holatlarni oldini olish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan joylarda ishlab chiqarish korxonalari va omborlarda saqlanayotgan kimyoviy moddalar, tez yonuvchan va portlash xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlar xatlovdan o‘tkazilmoqda.
Dastlabki o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar tomonidan kelgusida shu kabi favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Holat yuzasidan kompleks sud ekspertiza xulosalari va tergov natijalariga ko‘ra yakuniy xulosa qilinadi.
Poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov poytaxtning 12ta tumani hokimliklariga zarar ko‘rgan obyekt va hududlarni tiklash bo‘yicha vazifalarni taqsimladi. Shuningdek, portlash oqibatida zarar ko‘rgan tovarlar inventarizatsiyadan o‘tkazila boshlandi.
Hodisa sodir bo‘lgan joy yaqinidagi do‘konlar portlash to‘lqinidan zarar ko‘rdi. Zarba to‘lqini “Quruvchilar” metro bekati yonida joylashgan “M Cosmetic” do‘konlar tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazdi. Bundan tashqari, voqea joyiga yaqin joylashgan boshqa tadbirkorlik obyektlari ham zararlandi.
Shuningdek, BYD kompaniyasi portlashda shikastlangan avtomobillar utilizatsiya qilishga yuborilishini ma’lum qildi. Avtomobillar shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda yetkazib beriladi.
“Spot” omborida portlash sodir bo‘lgan “Interlogistics” kompaniyasi haqida ma’lumot bergandi.