O‘zbekistondagi tashkilotlar xodimlarida mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha 563 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik mavjud. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk va yer solig‘i soliq davri uchun 15-aprel va 15-oktabrga qadar teng ulushlarda to‘lanishi belgilangan. Joriy yilning 16-oktabrida ushbu soliqlarni to‘lash muddati tugadi.
Biroq, korxona va tashkilotlarda ishlovchi daromad manbaiga ega bo‘lgan ishchi-xodimlarning hammasi ham mol-mulk va yer soliqlari to‘lovini belgilangan muddatda amalga oshirmasdan kelmoqda.
Jumladan, joriy yilning 17-oktabr holatiga 181,7 mingta tashkilotning 817,7 mingdan ortiq xodimida 960,4 mingta soliq obyekti bo‘yicha 563,1 mlrd so‘m to‘lanmagan soliq qarzdorligi mavjud. Bunda, mol-mulk solig‘i 209,1 mlrd so‘mni, yer solig‘i 354 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shundan, 133,2 mlrd so‘mi budjet tashkilotlari xodimlari, 24,8 mlrd so‘mi nodavlat-notijorat tashkilotlari xodimlari hamda 405,1 mlrd so‘mi tijorat tashkilotlari xodimlari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Sohalar kesimida tijorat tashkilotlari xodimlarining mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha qarzdorligi:
- sanoat sohasidagi 22,6 mingta tashkilotda ishlovchi 148,8 mingta xodimning soliq qarzi — 101,1 mlrd so‘m;
- qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasidagi 54,3 mingta tashkilotning 104,8 mingta xodimida soliq qarzi — 97,3 mlrd so‘m;
- savdo sohasidagi 43 mingta tashkilotda ishlovchi 70,8 mingta xodimning soliq qarzi — 62,6 mlrd so‘m;
- qurilish sohasidagi 11,2 mingta tashkilotda ishlovchi 58 mingta xodimning soliq qarzi — 50,4 mlrd so‘m;
- tashish va saqlash sohasidagi 5,8 mingta tashkilotda ishlovchi 37,5 mingta xodimning soliq qarzi — 24 mlrd so‘m;
- yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasidagi 9,4 mingta tashkilotda ishlovchi 16,5 mingta xodimning soliq qarzi — 15,1 mlrd so‘m;
- sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi 4 mingta tashkilotda ishlovchi 9,5 mingta xodimning soliq qarzi — 6 mlrd so‘m;
- axborot va aloqa sohasidagi 2 mingta tashkilotda ishlovchi 8,9 mingta xodimning soliq qarzi — 5,1 mlrd so‘m;
- boshqa faoliyat turlari sohasidagi 16,2 mingta tashkilotda ishlovchi 59,5 mingta xodimning soliq qarzi — 43,5 mlrd so‘m.
Xodimlarida soliq qarzi ko‘p bo‘lgan tashkilotlar TOP-3ligidan eng yuqori pog‘onani “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” korxonasi egalladi. Xodimlarining soliq qarzi 3,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Undan keyingi o‘rinlarda 3 mlrd so‘m bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” hamda 2,8 mlrd so‘m bilan “Hududgazta'minot” korxonasi turibdi.
Avvalroq joriy yilning sakkiz oyida savdo sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan Top-20ta korxona ma’lum qilingandi. Unda ko‘p soliq to‘lagan korxona ️143,2 mlrd so‘m bilan “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i bo‘ldi.