Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi fermer-dehqonlar, agrofirmalar uchun mavjud imtiyozlar haqida ma’lumot bergandi.
“Spot” qonunchilikdagi shu va boshqa qishloq xo‘jaligiga oid imtiyozlar hamda yengiliklar haqidagi ma’lumotlarni bir joyga jamladi.
Agrobiznes. Qonunchilikka ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish maqsadida uzoq muddatga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan dehqon xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
Limonchilik. Yangi limonzorlar barpo etish va ko‘chatlar xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar har bir sotix uchun 300 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya sifatida qoplab beriladi.
Subsidiya limonzorlar barpo etish ishlari yakunlanib, tuman ishchi komissiyasining ularni foydalanishga qabul qilish yuzasidan tasdiqlangan dalolatnomalari Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga taqdim etilgandan so‘ng 1 oy muddatda ajratiladi.
Paxtachilik. Paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinadigan fuqarolarning paxta terish orqali topgan daromadiga soliq solinmaydi.
Shuningdek, paxta yig‘im-terimi bo‘yicha mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan aholining bu ishlarni bajarganligi uchun mehnat haqi to‘lashga doir xarajatlar ijtimoiy soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Paxta tozalash sanoati korxonalarida paxta tozalash bilan bog‘liq quyidagi ishlarda to‘liq bir mavsum ishlash pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o‘tadi:
- paxtani quritish;
- paxtani tozalash;
- paxtani yuklash, tushirish;
- paxtani pnevmotransportga ortish;
- quritish-tozalash sexini yig‘ishtirish va isitish, ishlab chiqarish chiqindilarini chiqarib tashlash.
Chorvachilik. Prezident qaroriga ko‘ra, chorvachilik klasterlariga $60 mln miqdorida kreditlar ajratiladi.
Paxta va g‘alla ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga har bir tumanda kamida 100−150 gektar maydon ozuqabop ekinlar ekish uchun ajratiladi.
Joriy yilning 1-dekabridan chorvachilik xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan QQSni Qo‘mita kafolati asosida 180 kun ichida to‘lab berish tizimi joriy etiladi.
2023-yilning 1-sentabridan 2026-yilgacha davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratilishi belgilangan:
- chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 mln so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida;
- parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 15 ming so‘mini qoplash uchun.
Asalarichilik. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari atrofida kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga zovur suvlarida 200−250 boshdan o‘rdak boqish va asalari uyasi tashkil qilish uchun yillik 14% stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi.
2023−2025 yillarda Sirdaryoda foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenajlar atroflaridagi 500 gektar maydonda ixcham “ijtimoiy issiqxona"ni tashkil qilinib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari"ga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga tayyor holda 2,5 sotixdan ajratiladi.
Texnika xarid qilish. Tegishli ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025-yilgacha bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.
Tadbirkorlarga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha kechiktirib to‘lashga hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va YaTTlarga qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi.
2023−2024 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trln so‘m yo‘naltiriladi.