20-oktabrdan “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi “UNG Petro” MChJga qarashli AYoQShlarda AI-100 markali avtobenzin sotuvi boshlandi. Bu haqda korxona matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishcha, mazkur import mahsuloti hozircha Toshkentdagi “Parkent” bozori, “Aloqa”, “Chinobod”, “General Uzoqov”, “Bodomzor”, “Qorasuv”, “Ahmad Donish”, “Cho‘pon-ota” hududidagi mavjud AYoQShlarda sotuvga chiqarilgan.
“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishcha, bir litr benzin narxi 15 800 so‘mni tashkil etadi. Taqqoslash uchun: AI-92 10 200 so‘m, AI-80 6 050 so‘m.
Avvalroq “O‘zbekneftgaz” ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan AI-80 benzini narxining oshishi haqidagi xabarlarni rad etgandi. Kompaniyaga tegishli AYoQShlarda narxlar eski belgilangan tartibda amalga oshirilishi ta’kidlangandi.
20-oktabr kuni kompaniya kunning ikkinchi yarmidan boshlab ayrim AYoQShlarda AI-80 benzini taqchilligi kuzatilganini ma’lum qildi. Lekin “O‘zbekneftgaz” bu masala bartaraf etilishi va AYoQShlarda benzin avvalgidek tartibda sotuvga chiqarilishini ta’kidladi.