“Instagram” izohlarda so‘rovnoma o‘tkazish imkoniyatini qo‘shadi. Bu haqda ijtimoiy tarmoq rahbari Adam Mosseri ma’lum qildi.

“Biz post yoki videoga izohlarda so‘rovnoma yoki ovoz berish bo‘yicha kichik sinovni boshlayapmiz. Agar siz ushbu testni ko‘rsangiz, fikringizni bildiring”, — deb yozgan Mosseri.

Post yoki Reels ostidagi izohlarda ovoz berish uchun ovoz berish stikerini bosish, so‘rovnoma matnini yozish va javob variantlarini qo‘shish kerak bo‘ladi.

“Meta” bosh direktori Mark Sukerberg o‘z postida ushbu funksiya tez orada hamma uchun ochiq bo‘lishini aytdi.

“Instagram” o‘zining sharhlar bo‘limini yanada interaktiv qilish ustida ishlamoqda va o‘tgan yilning bahorida u foydalanuvchilarga GIFlarni sharhlarda joylashtirish imkoniyatini qo‘shdi.

Avvalroq “Instagram” begonalardan keladigan xabarlarga cheklovlar o‘rnatgandi.

Endi kuzatuvchi bo‘lmaganlarga cheksiz xabarlar yoki rasm va videolar yuborish o‘rniga, ularga faqat bitta xabar yuborish mumkin.


Avvalroq “Spot” “Instagram” sun’iy intellektga ega chat-botni chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Yordamchi foydalanuvchining iltimosiga ko‘ra, maslahat berishi, savollarga javob qaytarishi va post uchun taglavhalar yaratishi mumkin.