Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi sabab, hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, raqobatga qarshi kelishuv tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan shaxs bu haqda monopoliyaga qarshi organga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, unga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.
Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilinmaydi, ularga nisbatan profilaktik tushuntirish tadbirlari amalga oshiriladi.
Bunda monopoliyaga qarshi organ raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikning iqtisodiy ta’sir darajasi past holatlar bo‘yicha amalga oshiradi.
Davlat organlari davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholash uchun Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga majburiy tartibda kiritadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xodimlari tanlov komissiyalari tarkibiga kiritilmaydi.
Joriy yilning iyul oyida prezident qarori bilan Raqobat qo‘mitasi hamda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yengillik berilgandi.
Ular fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga, iqtisodiy hamda ma’muriy sudlarga murojaat qilganda boj to‘lashdan ozod etiladi.