Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) O‘zbekistonda ichki turizmning rivojlanishi bilan bog‘liq holatni baholash maqsadida onlayn so‘rov o‘tkazdi.
Mamlakatning barcha hududidan jami 1282ta respondent ishtirok etgan so‘rov natijasi ichki turizmning intensivlik darajasi yuqori emasligini ko‘rsatdi.
Xususan, respondentlarning 34,7%i sayohat qilmasligini, 42%i yilda bir marotaba hamda 14,4%i har uch oyda bir marotaba sayohat qilishini qayd etgan.
Mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan sayohatlarning deyarli 50%i 4ta hudud — Samarqand (15,8%), Buxoro (9,4%), Toshkent (10,6%) viloyatlari va Toshkent shahri (11,4%) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qoraqalpog‘iston eng kam ulushga ega — 3%. Buning asosiy sabablaridan biri hududning ancha olisda ekanligidir.
Sayohatni qaysi ko‘rinishda amalga oshirasiz, degan savolga respondentlarning 81,2% mustaqil ravishda, 15,5% ish joyidan uyushtirilgan holda, 2,4% turoperatorlar yordamida, deya javob bergan.
Respondentlar sayohatga asosan shaxsiy avtomobili (56,8%) va poyezd (17,3%) da chiqishadi.
Turizm yo‘nalishlariga kelganda, so‘rov qatnashchilarining 17,6%i tog‘ va tog‘oldi hududlarida dam olishni, 17,1%i oilaviy turizmni, 22,6%i ziyorat turizmini, 11,5%i madaniy va ma’rifiy turizmni afzal ko‘rishini qayd etgan.
Shuningdek, respondentlarning 5,7%i sanatoriy-kurortlarda dam olishni, 3,5%i yoshlar va ekstremal turizmni, 3%i ishbilarmonlik turizmini, 6,1%i ekoturizmni ma’qul ko‘rishadi. Bu esa O‘zbekistonda turizmning ushbu yo‘nalishlari ham rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Sog‘lomlashtirish muassasalarida dam olish nimasi bilan jalb qiladi, degan savolga asosan, toza tog‘ havosi (35,9%) va oilaviy dam olish imkoniyatining mavjudligi (16,4%) hamda salomatlikka ijobiy ta’siri (10,8%) bilan, deb javob qaytargan.
Ichki turizmni rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash borasida respondentlarning 26,2%i shaharlararo sayohatlar uchun imtiyozlar (ovqatlanish, avtoturargohlar uchun chegirmalar) berish, 23,6%i arzon va sifatli jamoat transporti tizimini rivojlantirish, 11,6%i transport logistika markazlarini tashkil qilish zarurligini bildirgan.
Markaz so‘rov natijalari va bevosita aholi tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib, ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha quyidagi takliflarni bildirdi:
- har bir hududning o‘z brendini shakllantirish (tibbiy turizm va sanatoriy-kurortlarda dam olish, ziyorat turizmi, ekoturizm va boshqalar);
- mahalla, qishloq, kichik shaharlardagi urf-odatlar va tarixiy yodgorliklarni saqlash maqsadida zamonaviy turizm markazlarini barpo qilish;
- “Turistik mahalla”, “Turistik hudud” maqomiga ega aholi punktlarining reyestrini shakllantirish va elektron platformani ishlab chiqish;
- hududlar bo‘yicha turistik xizmat turlari va yo‘nalishlarni keng targ‘ib qilish, jumladan, ziyorat obyektlari, tarixiy arxitektura yodgoriklari, tibbiy turizm maskanlari bo‘yicha onlayn platformani tashkil etish va bepul targ‘ib qilish;
- mahallalarda istiqomat qiladigan va “temir daftar"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oilaviy turizm bilan shug‘ullanish uchun mahalliy jamg‘arma hisobidan imtiyozlar berish;
- bolalar va yoshlar turizmini rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish.
Shuningdek, “Mahalliy urf-odatlar va tarixiy-madaniy qadriyatlarni bilish” bo‘yicha o‘quvchilar va talabalar o‘rtasida tanlovlarni tashkil qilish va g‘oliblarni taqdirlash, dam olish va sog‘lomlashtirish joylarida ovqatlanish, atrof-muhitni himoya qilish, ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta’minlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish ham ilgari surilgan.
Avvalroq o‘zbekistonliklar turistik maqsadlarda eng ko‘p Qirg‘izistonga borgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, fuqarolar undan keyingi o‘rinlarda Tojikiston va Qozog‘istonga sayohat qilishgan.