Oltinning birja kotirovkalari oxirgi besh oyning eng yuqori ko‘rsatkichiga yetib, bir troya unsiyasi uchun $2000dan oshdi, deb yozadi “Forbes Russia”.

Juma kuni Nyu-York “COMEX” birjasidagi savdolar chog‘ida qimmatbaho metallning narxi bir troya unsiyasi uchun $2008,5dan yuqori cho‘qqiga chiqdi. Biroq savdolar yakunida oltin troya unsiyasi uchun $1994,4gacha arzonlashdi.

Qayd etilishicha, oltin narxining oshishiga Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyatning keskinlashuvi sabab bo‘ldi.

Tahlilchilarning fikricha, shu fonda AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini yanada oshirishga ehtiyotkorona yondashishi mumkin.

Qimmatbaho metal Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilgandan keyin dollarga qaramlikni kamaytirishga urinayotgan markaziy banklar tomonidan rekord darajadagi oltin xaridlari bilan ham qo‘llab-quvvatlandi.

Avgust oyida O‘zbekiston oltin sotib olish bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Markaziy bank Xitoy, Polsha va Turkiyadan keyin 9 tonna qimmatbaho metal sotib oldi.


Avvalroq “Spot” ketma-ket oltinchi oy O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralarida yana kamayish kuzatigani haqida yozgandi.

Bir oyda mamlakat zaxiralari $1,65 mlrdga kamayib, $31,03 mlrdni tashkil etdi.