Joriy yilning aprel oyida Toshkent aeroportida kapsulali mehmonxona ochilishi ma’lum qilingandi.
Hududni ijaraga berish bo‘yicha tegishli lot E-auksion platformasida joylashtirilib, boshlang‘ich yillik qiymati 325,4 mln so‘mni tashkil etgandi. Biroq, mehmonxona sotilmadi.
“Uzbekistan Airports” matbuot xizmatining xabar berishicha, Toshkent aeroportida joylashgan mazkur mehmonxona qayta auksionga qo‘yildi.
Mehmonxona xalqaro aviaqatnovlar terminali jo‘nab ketish zalining steril hududida joylashgan va tranzit yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan. Hozirga kelib, u to‘liq qurib bitkazilgan va foydalanishga tayyor.
Kompaniya ijarachi — mehmonxona boshqaruvini to‘liq o‘z qo‘liga oladigan mehmonxona sohasidagi professionalni qidirmoqda. Tegishli lot elektron platformaga joylashtirildi.
Lotning boshlang‘ich bahosi yiliga 1,29 mlrd so‘m, zakalat puli esa 64,8 mln so‘mni tashkil etadi. Narx yetti oy avvalgi summaga nisbatan qariyb to‘rt baravar o‘sgan.
Umumiy maydoni — 240 kv.metr. Binoda suv, elektr energiyasi hamda kanalizatsiya tarmog‘i mavjud. Gaz tarmog‘i mavjud emas. Kommunal va elektr energiyasi xizmatlari balans saqlovchi bilan alohida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Auksionda texnik topshiriqlarga javob beradigan kompaniyalar ishtirok etishi mumkin. Texnik topshiriqlar bajarilmagan taqdirda, auksion g‘olibi bilan shartnoma tuzilmaydi. Mas’uliyat auksion g‘olibida qoladi.
Ishtirok etish uchun arizalarni joriy yilning 30-oktabr kuni soat 09:00gacha havola orqali jo‘natish mumkin. Savdolar shu kuni soat 10:00da bo‘lib o‘tadi.
Mehmonxona ikki qavatda 24ta xonadan iborat bo‘lib, tashrif buyuruvchilar uchun ma’lumot nuqtasi, hammom va dushlar, 24 soatlik “Reception” va parvozga individual taklif qilish tizimi mavjud.
Avvalroq kompaniya Toshkent aeroportidagi taksi xizmatiga beriladigan uchta joyni qayta auksionga qo‘ygandi. Birinchi auksionlar buyurtmachi tomonidan texnik shartlarga qo‘shimcha va tushuntirishlar kiritilgani sabab o‘tkazilmagan.