Navoiy viloyatida davlat manfaatlariga 24 mlrd so‘mdan ziyod zarar keltirgan noqonuniy mayning fermasi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi qurilishi tugallanmagan binoda o‘tkazilgan nazorat tadbirida mayning qurilmalaridan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Xususan, fuqaro R.E.I. ga tegishli, umumiy iste’mol quvvati 840,4 kVtni tashkil etadigan mayning qurilmalari quvvati 630 kVAga teng 2 ta transformatorga o‘zboshimchalik bilan ulangan.
Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, 24 mlrd 415 mln 300 ming so‘m qayta hisob-kitob qilindi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Avvalroq “Spot” Navoiyda davlatga 9,6 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangani haqida yozgandi.
Tezkor tadbir davomida mahalliy xususiy korxona rahbari 6 nafar fuqaro bilan o‘zaro kelishgan holda, korxona hududiga xorijda ishlab chiqarilgan 195 dona mayning qurilmalarini o‘rnatgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishlari natijasida, davlat manfaatlariga 9 mlrd 661 mln 402 ming so‘mlik zarar keltirilgan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 1852-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Farg‘onada davlatga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Holat yuzasidan departamentning Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tuman bo‘limi tomonidan viloyat ETK xodimlari bilan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
“K.a.” rahbari M.A. korxonaning Uchko‘prik tumanidagi yordamchi xo‘jaligida go‘yoki kompyuter texnikalarini ta’mirlash sexini tashkil etib, amalda 179 dona “Antminer” mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulagan.
Natijada 794,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan.