“Taxiatosh neft bazasi"da qiymati 8 mlrd 203 mln so‘mlik dizel yonilg‘isida kamomad aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot ximati.

Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan neft mahsulotlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha joylarda muntazam ravishda nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, “O‘zenergoinspeksiya” Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan “Taxiatosh neft bazasi"da o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 861 ming 649 litr (8 mlrd 203 mln so‘mlik) dizel yonilg‘isida kamomad mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.


Avvalroq “Spot” “Maroqand neft bazasi"ning 2 ta filialida 73,7 mlrd so‘mlik talon-taroj va kamomad aniqlangani haqida yozgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bulung‘ur filialida jami 22,1 mlrd so‘mlik 2,6 ming tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo‘l qo‘yilganligi va katta miqdorda talon-taroj qilinganligi holati aniqlandi, jumladan:

  • Ai-80 avtobenzinidan 18,3 mlrd so‘mlik 2 382 tonna;
  • EKO markali dizel yoqilg‘isidan 705 mln so‘mlik 44 tonna;
  • TDL-05 markali dizel yonilg‘isidan 1,7 mlrd so‘mlik 111 tonna;
  • TD-K5 yevro markali dizel yoqilg‘isidan 1,3 mlrd so‘mlik 75 tonna.

Jomboy filialida esa jami 51,6 mlrd so‘mlik 4441 tonna neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi. Jumladan, Ai-80 avtobenzinidan 18 mlrd so‘m, Yevro K-5 dizel yonilg‘isi 81 mln, dizel va EKO dizel yonilg‘isidan mos ravishda 1,5 mlrd va 3,2 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi.