Zarur hollarda elektr iste’moliga cheklovlar qo‘llaniladi
Iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan hamda joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangan.
Bunday chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan hududlarda iste’molchilarning uzoq vaqt elektr ta’minotidan uzilib qolmasligini ta’minlash maqsadida zarurat yuzasidan qo‘llaniladi.
Yirik maishiy elektr energiyasi iste’molchilari uchun to‘lovlar oshiriladi
Noyabrdan elektr energiyasining yirik maishiy iste’molchilari uchun oshirilgan koeffitsientlar joriy etiladi. O‘zgarishlar faqat oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq energiya ishlatadigan abonentlarga ta’sir qiladi.
Turli xil iste’mol hajmlari uchun quyidagi koeffitsientlar kiritiladi:
- 1 dan 5 ming kVt/soatgacha tarif 2 barobarga oshadi (590 so‘mgacha);
- 5 dan 10 ming kVt/soatgacha — 3 barovar (885 so‘m);
- 10 ming kVt/soatdan ortiq — 4 barobar (1180 so‘m).
Koeffitsientlarning har biri faqat belgilangan chegaradan yuqori bo‘lgan iste’mol hajmiga tegishli. Masalan, oyiga 1200 kVt/soat elektr energiyasidan foydalangan abonent uchun ikki tomonlama tarif faqat 200 kVt/soatga amal qiladi.
Avtomobil raqamlari uchun to‘lov miqdorlari o‘zgartiriladi
Ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berishda undiriladigan to‘lovlar stavkalariga o‘zgartiriladi.
Unga ko‘ra, to‘lov miqdorlari quyidagicha o‘zgartiriladi:
- avtotransport vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari (RO‘DRB) uchun — BHMning 3,5 baravari (1 mln 155 ming so‘m);
- avtotransport vositalari, motorollerlar va tirkamalarga (yarim tirkamalar) raqamlar uchun — BHMning 1,75 baravari (577 500 so‘m);
- tranzit raqamlar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 25%i (82 500 so‘m);
- yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir juft raqam o‘rniga yangi raqam berish uchun — BHMning 3,5 baravari (1 mln 155 ming so‘m);
- yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona RO‘DRB o‘rniga yangi RO‘DRB berish uchun — BHMning 1,75 baravari (577 500 so‘m).
Shuningdek, yo‘qotilgan bir dona yoki bir juft raqam o‘rniga yangi bir juft raqam berish uchun BHMning 3,5 baravari, yo‘qotilgan 1 dona RO‘DRB (mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun) o‘rniga yangi 1 dona raqam berish uchun BHMning 1,75 baravari hamda raqamni 12 oy muddatdan so‘ng yana 1 yil muddatga saqlaganlik uchun BHMning 1 baravari (330 ming so‘m) miqdorida undiriladi.
Bundan tashqari, mehnat organlari tomonidan nogironligi bo‘lganlarga imtiyozli shartlarda berilgan transport vositasiga raqam berish uchun to‘lov undirilmaydi.
Bojxona organlarida yuridik ERI bilan tasdiqlangan deklaratsiyalar rad etiladi
Yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirilgan elektron raqamli imzo (ERI) orqali taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyalari qabul qilinmaydi.
Shu sabab, deklaratsiyalovchi shaxslardan bundan buyon bojxona organlariga BYUD va BDT (BYUDni tuzatish shakli)larni taqdim etishda hamda hujjatlarni tasdiqlashda o‘zlarining elektron imzolaridan foydalanishlari talab etiladi.
Umra xizmatlari faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshiriladi
“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining alohida faoliyat yo‘nalishi hisoblanib, mazkur faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshiriladi.
Turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:
- $100 mingdan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
- “Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;
- “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;
- “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
- “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
Qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 1-noyabridan qo‘llanilib, ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im va litsenziya uchun davlat boji undirilmaydi.
Toshkent aeroporti estakadasidagi kameralar avtomatik tarzda jarima sola boshlaydi
Toshkent xalqaro aeroporti estakadasida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan ortiqcha turgan haydovchilar jarimaga tortiladi.
Turli toifadagi transportlar uchun quyidagicha to‘xtab turish vaqti belgilangan:
- yengil avtomobillar uchun — 5 daqiqagacha;
- turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun — 10 daqiqagacha.
Yo‘l o‘tkazgichning o‘ng va chap qismlarini ajratib turuvchi sariq chiziqda ham to‘xtash taqiqlanadi.
Estakadaga o‘rnatilgan yo‘l kameralari YHXB tizimlari bilan integratsiyalashgan. Joriy yilning 1-noyabridan tizim avtomatik ravishda ishlaydi.
Xususan, to‘xtash vaqtidan oshib ketganda (to‘xtab turish taqiqlanadi) va sariq chiziqda to‘xtab turish uchun haydovchilarga jarimalar avtomatik tarzda belgilanadi.
Yo‘l o‘tkazgichda bir vaqtning o‘zida 30tagacha avtomobil yoki sayyohlik avtobuslarini hisobga olganda 17tagacha avtomobil bo‘lishi mumkin.
Energiya sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlovchi Uzenergo ilovasi yaratiladi
Hukumat qarori bilan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etganlarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-noyabrigacha yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilishning oldini olish hamda ulardan to‘g‘ri foydalanish sohasida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratilgan “Uzenergo” mobil ilovasi ishlab chiqilishi belgilangan.
U orqali qabul qilingan huququbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etganlarning ma’lumotlari oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Uzenergo” mobil ilovasi quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutadi:
- yoqilg‘i-energiya resurslaridan to‘g‘ri foydalanish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
- aholi tomonidan aniqlangan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni “O‘zenergoinspeksiya"ga manzil belgilari bo‘yicha yuborish;
- huquqbuzarlik haqida xabar berganlarni pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish;
- huquqbuzarliklar, normativ-huquqiy hujjatlar ma’lumotlar bazasi bilan tanishish;
- sodir etilgan huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik hujjatlarini (bayonnoma va qarorlarni) onlayn tuzish orqali ushbu huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni IIVning “E-ma'muriy ish” tizimiga kiritish;
- hududlar va tumanlar (shaharlar) bo‘yicha aniqlangan sohaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joriy etish hamda yuritish.
Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan fuqarolar quyidagicha rag‘batlantiriladi:
- elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 100-moddasi bilan) — undiriladigan jarimaning 10%i miqdorida;
- umumiy foydalanishdagi tarmoqlarga tijorat maqsadlarida ulanish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish (101-modda) — 7%;
- o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan bino-inshootlarni energiya tarmoqlariga ulash (101-modda) — 2%;
- elektr tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish (102-modda) 20%;
- gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanish (103-modda) 20%;
- boshqa huquqbuzarliklar — BHMning 30%i (99 ming so‘m).
Xorazmda ichimlik va oqova suv narxlari oshiriladi
Joriy yilning 3-noyabridan Xorazmda ichimlik va oqova suv narxlari quyidagicha oshiriladi:
Xizmat turi | Ichimlik suvi (1m3) | Oqova suv (1m3) | ||
Amaldagi tarif | Yangi tarif | Amaldagi tarif | Yangi tarif | |
Aholi uchun | 1500 so‘m | 2800 so‘m | 800 so‘m | 1550 so‘m |
Budjet tashkilotlari uchun | 3050 so‘m | 5700 so‘m | 1300 so‘m | 2400 so‘m |
Ulgurji iste’molchilar uchun | 3050 so‘m | 5700 so‘m | 1300 so‘m | 2400 so‘m |
Bunda, aholi uchun ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha tariflar QQSsiz undiriladi.
Og‘ir vaziyatga tushgan aholiga psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi
Ijtimoiy xizmatlar va yordamlar eksperiment tarzida yo‘lga qo‘yiladigan tuman (shahar)larda “Inson” markazlarida og‘ir vaziyatga tushgan aholi uchun psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.
Adliya vazirligi joriy yilning 1-noyabrigacha “Ijtimoiy xizmat darchalari"ning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilovchi reglamentni tasdiqlashi belgilangan.
Bundan tashqari, noyabrgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimida xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi alohida elektron modul (e-case) ishlab chiqiladi.
28ta hududda “Inson” markazlari xodimlarining fuqarolarning arizalarini eksperiment tarzida onlayn qabul qilish tajribasi amalga oshiriladi.
“Jarima maydonchasi” axborot tizimi yaratiladi
Hukumat qarori bilan, joriy yilning noyabrigacha “Jarima maydonchasi” axborot tizimi ishlab chiqilishi belgilangan.
Tizim orqali ushlangan, to‘xtash joylariga joylashtirilgan va olib chiqishga ruxsat berilgan transportlar ro‘yxati yuritiladi hamda barcha turdagi jarimalarni to‘lash mumkin bo‘ladi.
Transportlarni to‘xtash joylariga olib kelish (tashish) hamda saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning cheklangan miqdorlari joylardagi hokimliklar tomonidan belgilanadi.
Shu bilan birga, “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali quyidagilar amalga oshiriladi:
- ushlangan, to‘xtash joylariga joylashtirilgan va olib chiqishga ruxsat berilgan transportlar ro‘yxatini yuritish;
- transportlarni to‘xtash joylaridan olib chiqish uchun barcha to‘lovlarni (jarima maydonchasi va huquqbuzarlik uchun jarimalar) amalga oshirish.
Aholi xonadonlariga keng polosali Internet tarmoqlari olib boriladi
BMTning elektron hukumat reytingida O‘zbekiston reytingini yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilingan.
Mazkur hujjat bilan, 1-noyabrdan “oxirgi milya” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan hamkorlikda aholi xonadonlariga keng polosali Internet tarmoqlarini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturi amalga oshiriladi.
Ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga tabiat obyektini tiklash majburiyati yuklatiladi
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq 1-noyabrdan ijobiy ekologik ekspertiza xulosasini olmagan obyektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish mexanizmi joriy etiladi.
Ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat obyektini tiklash va uning muayyan muddat davomida muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati yuklatiladi.
Ayrim o‘simliklar importida bojxona boji qo‘llanilmaydi
“Gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori bilan quyidagi o‘simliklar (TIF TN kodi 0601 va 0602) importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi:
- tuganaklar, piyozboshlar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoya;
- vegetativ tinim holatidagi, vegetatsiya yoki gullash davridagi sertarmoqlari;
- boshqa tirik o‘simliklar jumladan, ildizlari;
- qalamchalar va parxishi.
Mazkur yengillik 2026-yilgacha amal qiladi.
Toshkent jamoat transportida yo‘l haqi oshiriladi
Unga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tariflar naqd pul va bank kartalarti orqali 2000 so‘mni tashkil qiladi.
“ATTO” transport kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilanmoqda.
Yo‘lovchilar bir soat ichida bir avtobusdan ikkinchisiga o‘tishda “ATTO” kartasi bilan yo‘l haqi uchun 700 so‘m to‘laydi.
Agar bir soat ichida uchinchi va to‘rtinchi avtobuslarda harakatlansa yo‘l haq bepul bo‘ladi.
Uzbekistan Airways keksalar uchun 25% chegirma taqdim etadi
“Uzbekistan Airways” kompaniyasi 1-noyabrdan 30-noyabrgacha keksa yoshdagi yo‘lovchilar uchun 25% chegirma taqdim etadi.
Chegirmalar ichki aviaqatnovlarning ekonom-klassi uchun (K-klass va undan yuqori) amal qiladi.
Undan 60 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan katta ayollar foydalanishlari mumkin.