Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni hududlarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yaxshilash, oziq-ovqat ekinlarini ekish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Tahlillarga qaraganda, bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suvi tannarxi Toshkent shahrida 448 so‘m bo‘lgani holda Namanganda qariyb 3 ming so‘mni, Samarqand va Navoiyda 2 ming 600 so‘mni tashkil qiladi.
Suv ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi ulushi respublika bo‘yicha o‘rtacha 27%. Lekin Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich yuqori.
Qayd etilishicha, muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish maqsadida korxona, tashkilot va aholi xonadonlarida quyosh panellari o‘rnatilmoqda.
Lekin, yiliga 880 mln kilovatt-soat elektr iste’mol qiladigan suv ta’minoti korxonalarining bu boradagi ishi sezilarli emasligi qayd etildi.
Davlat rahbari viloyat hokimlariga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirish vazifasini qo‘yar ekan, bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini “yashil energiya"ga o‘tkazish ekanini ta’kidladi.
Masalan, hozirda suv korxonalari 1 kilovatt-soat elektrni 900 so‘mdan sotib olayapti. Quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr narxi esa o‘rtacha 350−400 so‘m, ya’ni 2 barobardan ziyod arzon.
Prezident investorlarni jalb qilib, suv inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda quyosh panellari o‘rnatish mumkinligi haqida aytib o‘tdi.
Shuningdek, eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish zarurligi aytildi.
Suv bo‘yicha loyihalar qiymatini qayta ko‘rib chiqish, ularda ishlatiladigan materiallarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq “Spot” Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, Xorazm va Farg‘onada ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshirilishi haqida yozgandi.