Sentabr oyida “O‘zaviatsiya” agentligi Turkiyaning “SunExpress” aviakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma bergandi.

Aviakompaniya Izmir-Samarqand-Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi qatnovlarini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Parvozlar joriy yilning 12-noyabridan boshlanib, haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi. Muntazam qatnov Boeing 737 tipidagi samolyotlarda olib boriladi.

SunExpress” Turkiyaning Antaliya shahrida joylashgan aviakompaniya. U 1989-yilning oktabr oyida “Turkish Airlines” va “Lufthansa” o‘rtasida qo‘shma korxona sifatida tashkil etilgan.

Aviakompaniya Yevropa va Turkiya bo‘ylab muntazam va charter yo‘lovchi aviatashuvlarini amalga oshiradi.


Avvalroq “Centrum Air” Toshkentdan Hindistonga parvozlarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi. Avaikompaniya 5-dekabrdan Goa shahriga aviaqatnovlarni boshlaydi. Reys haftada bir marta — seshanba kunlari olib boriladi.