Abdurahmonov Ibrohim Yo‘lchiyevich qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
U 2022-yilning 30-dekabrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimiga tayinlangandi.
Abdurahmonovgacha qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida Aziz Voitov faoliyat yuritib kelayotgandi. 25-oktabr kuni Voitovning mazkur lavozimdan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Ibrohim Abdurahmonov 1975-yilda Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilgan. Faoliyatini 1997-yildan Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida boshlagan.
2002−2012 yillarda Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, loyiha rahbari, Genom texnologiyalar markazi laboratoriyasi loyiha rahbari lavozimlarida ishlagan.
2012−2017 yillarda Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi direktori bo‘lgan, 2017-yilda Fanlar akademiyasi Kimyo-biologiya fanlar yo‘nalishi bo‘yicha vitse-prezident vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan.
2017-yilning noyabrida yangi tashkil etilgan Innovatsion rivojlantirish vazirligi rahbari etib tayinlangandi. Biroq, 2022-yilning dekabrida prezident farmoni bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Innovatsion rivojlantirish vazirligi qo‘shib yuborildi.