2024-yili Qashqadaryo viloyatida jami $4 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, xorijiy sarmoya asosida amalga oshiriladigan loyihalar soni 36tani tashkil etadi. Shuningdek, $656 mlnlik 114ta hududiy loyiha shakllantirilgan.
Loyihalar neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal va qurilish sanoati, turizm, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini qamrab olib, asosan, mahalliylashtirish va qayta ishlashdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Qarshi shahridagi “Qavali” kichik sanoat zonasida joylashgan bir qator korxonalar bilan tanishdi.
Sanoat zonasining yer maydoni olti gektar bo‘lib, bu yerda qurilish materiallari, mebelsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va charm sanoati yo‘nalishidagi 11 ta loyiha joylashtirilgan. Shundan to‘rttasi ishga tushirilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanmoqda.
“Pegas” korxonasida temirni qayta ishlash, lak-bo‘yoq, eshiklar hamda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyihaning qiymati 13 mlrd so‘mdan ziyod bo‘lib, bu yerda 150ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Korxona mahsulotlariga ichki bozorda talab yuqori. Keyingi bosqichda qurilish sohasida muhim sanalgan boshqa xomashyolar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada yana shuncha yangi ish o‘rni yaratiladi.
“1-son kompleks loyiha qurilish-montaj” xususiy korxonasi ham qurilish materiallariga ixtisoslashgan. Umumiy qiymati 18,5 mlrd so‘m bo‘lgan mazkur loyiha yiliga qariyb 2 mln kvadrat metr profnastil va 250 ming kvadrat metr sendvich panellar ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Korxonada hozirda 45 kishi mehnat qilmoqda. Mahsulot hajmi ortishi evaziga kelgusida ish o‘rinlari soni ortishi mo‘ljallanmoqda.
“Karshi W and D Factory” korxonasida 50 turdagi eshiklar, yumshoq va qattiq mebellar ishlab chiqariladi. Bu loyihaga 8,5 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, Germaniya, Turkiya va Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan. Korxonada 26ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Sanoat zonasida yana 7ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ular ishga tushsa, yana 725 nafar aholi bandligi ta’minlanadi.
Prezident shu yerda Xitoy davlatidan keltirilgan avtobus va mikroavtobuslarni ko‘zdan kechirdi. Tadbirkor Narzullo Namozovning aytishicha, 60 o‘rinli avtobuslarga talab yuqori.
Qashqadaryoga undan 30ta olib kelingan, jami 100taga yetkazish rejalashtirilgan. Kelgusida bunday qulay avtobuslar Qarshi-Shahrisabz va Qarshi-Kitob yo‘nalishlarida qatnay boshlaydi.
Prezident kelgusi yilda viloyatga $1 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish zaminini hozirdan yaratish lozimligi qayd etdi. Shuningdek, sanoat hajmini kelgusi yilda 40 trln so‘mga, eksportni $500 mlnga yetkazish belgilab olindi.